O‘zbekiston | 11:51 / 28.03.2025
10817
3 daqiqa o‘qiladi

Gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qilinganda 2 oy eski tariflar amal qiladi

2025 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi tariflari oshiriladi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qilinganda, aholi uchun ikki oy mobaynida, tadbirkorlar uchun esa bir oy davomida eski tariflar amalda bo‘ladi.

Foto: Kun.uz

«Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga ko‘ra, iste’molchilar gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov qilgan bo‘lsa, ikki oy mobaynida eski tariflar amalda bo‘ladi. Xususan, tarif o‘zgargan taqdirda, yangi tariflar kuchga kirgan kundan boshlab:

  • maishiy iste’molchilar avvaldan to‘langan hajm uchun ikki oydan oshmaydigan muddatga elektr energiyasi va tabiiy gazdan qo‘shimcha to‘lovlardan ozod qilinadi;
  • boshqa iste’molchilar (jumladan, tadbirkorlar) esa faqat elektr energiyasi uchun bir oydan oshmaydigan muddatga qo‘shimcha to‘lovlardan ozod etiladi.

Gaz va elektr narxi qanday oshmoqda?

2024 yilda qabul qilingan «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi tariflari oshiriladi.

Xususan, 2025 yil 1 apreldan maishiy iste’molchilar uchun 1 kW·h elektr energiyasining narxi oyiga 200 kW·h’gacha iste’mol qilinganda 450 so‘mdan 600 so‘mgacha oshiriladi. Ijtimoiy normadan oshganda:

  • 201 kW·h’dan 1000 kW·h’gacha 1000 so‘m;
  • 1000 kW·h’dan 5000 kW·h’gacha 1500 so‘m;
  • 5000 kW·h’dan 10 000 kW·h’gacha 1750 so‘m;
  • 10 ming kW·h’dan yuqori iste’mol uchun 2000 so‘m etib belgilanadi.

Markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun yuqoridagi tariflarning 50 foizi amal qiladi.

IV guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasi narxi 900 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshiriladi.

Gaz narxlari

Shuningdek, 1 apreldan boshlab barcha iste’molchilar uchun gaz narxi oshiriladi. Noyabrdan fevralgacha davom etuvchi isitish mavsumida aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gazning bir kubometri narxi gaz iste’moli:

  • 500 kub metrgacha bo‘lganda 650 so‘mdan 1000 so‘mgacha oshadi;
  • 500 dan 2500 kub metrgacha bo‘lganda 1800 so‘m;
  • 2500 dan 5000 kub metrgacha 2100 so‘m;
  • 5 000 dan 10 000 kub metrgacha 2500 so‘m;
  • 10 ming kub metrdan yuqori iste’mol uchun esa 3 000 so‘mdan bo‘ladi.

Mart-oktyabr oylarida bazaviy tarif oyiga 100 kub metrni tashkil etadi.

Aholi uchun suyultirilgan gaz tarifi 1 kg uchun 2000 so‘mgacha oshiriladi.

Mavzuga oid