Jahon iqtisodiy forumi ekspertlarining fikricha, qisqa muddatli istiqbolda O‘zbekiston quyidagi beshta asosiy xavf-xatarga duch kelishi mumkin:
1. Suv yetishmasligi;
2. Energiya ta’minoti taqchilligi;
3. Ifloslanish (havo, suv, tuproq);
4. Davlat qarzi;
5. Ishchi kuchi va mutaxassislarning yetishmasligi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari yuqorida keltirilgan har bir xavfni tahlil qildi.
Suv va energiya resurslari taqchilligi (1-2-xavf). O‘zbekiston quruq iqlimga ega mamlakat bo‘lib, suv resurslari yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Bu nafaqat tabiiy sharoitlar bilan, balki qishloq xo‘jaligida suvdan samarasiz foydalanish bilan ham bog‘liq, chunki qishloq xo‘jaligi mamlakatdagi suv resurslarining taxminan 90 foizini iste’mol qiladi. Masalan, 1 gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kub metr suv kerak bo‘lsa, iqlimi va tuprog‘i o‘xshash mamlakatlarda 2-3 barobar kam suv talab qilinadi. Shuningdek, mamlakat irrigatsiya infratuzilmasi eskirgani sababli suvning 36 foizi yo‘qotiladi. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi muammoni yanada kuchaytirishi mumkin: ekspertlarning taxminlariga ko‘ra, 2030 yilga borib mintaqaning suv ta’minoti 20-25 foizga qisqarishi mumkin.
Bundan tashqari, aholi va sanoatning o‘sishi energetika tizimiga yuklamani oshiradi, bu esa elektr energiyasi tanqisligiga olib keladi. 2023 yilda elektr energiyasi taqchilligi 5 foizni tashkil etib, bu bir qator hududlarda vaqti-vaqti bilan uzilishlarga sabab bo‘lgan.
Havo, suv va tuproqning ifloslanishi (3-xavf). Jahon iqtisodiy forumi tadqiqotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning yirik shaharlarida havoning ifloslanishi, tuproq degradatsiyasi va suv resurslarining ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. Bu sanoatning rivojlanishi, eskirgan texnologiyalardan foydalanish va ekologik standartlarga rioya qilinmasligi bilan bog‘liq.
Ushbu xulosalar IQAir portali ma’lumotlari bilan ham tasdiqlanadi, unga ko‘ra Toshkentda PM2,5 konsentratsiyasi JSST tavsiya etgan me’yordan 13,4 baravar yuqori. PM2,5 havo ifloslanishining asosiy manbalari bu isitish sektori (28 foiz), transport (16 foiz) va sanoat (13 foiz) hisoblanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, bu holat aholi salomatligiga ham, iqtisodiy xarajatlarning oshishiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Jahon banki ekspertlari fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilga borib, 8 mlnga yaqin aholi ekologik muammolardan aziyat chekishi va xavf yuqori bo‘lgan hududlarda yashashi mumkin. Agar uzoq muddatda hech qanday chora ko‘rilmasa, mamlakat yalpi ichki mahsulot (YaIM) o‘sishining 10 birligini yo‘qotishi mumkin.
















