Xitoyning Leapmotor brendi ostidagi avtomobillarni O‘zbekistonga olib kirish taqiqlangani jamoatchilik faollari tanqidiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda Xitoyning Leapmotor brendi ostidagi yengil avtomobillarni sertifikatlash uchun arizalar qabuli to‘xtatildi. Bunga shu brendga tegishli S16 avtomobilida aniqlangan kamchilik sabab sifatida keltirilyapti.

Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, mazkur transport vositasida hosil bo‘ladigan elektromagnit shovqin darajasi ruxsat etilgan chegaradan 16 barobar yuqori ekan.

Jamoatchilik vakillari bu harakatni mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun bozorni tozalashga urinish deb baholayapti

«Moshinbay cheklov rusumbay taqiqqa aylandi»

Iqtisodchi Otabek Bakirov Leapmotor’ga nisbatan kiritilgan taqiq mahalliy kompaniyalarning avtomobili sotilmay qolgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratdi.

«Mana, bahona ham tayyor: bitta moshin modelida «kamchilik» aniqlab, butun bir rusumdagi avtomobillar importi taqiqlanyapti. Bizning-cha, bu ham yetarli bo‘lmasa kerak», deya yozdi iqtisodchi.

«Bitta model uchun butun brendni taqiqlash»

Autodeklarant kanali muallifi ham bitta modelda qandaydir «kamchilik» topib, butun bir brendning importini cheklash mumkinligidan ajablanyapti.

«Texnik jihatdan tartibga solish agentligiga: bir brendning aynan bitta modelida qandaydir «kamchilik» aniqlab, butun bir brend importini chekladinglar.

Nega unda bitta modelning tekshiruv natijalarini barcha ushbu turdagi modellarga tatbiq qilmasdan, hammasini birma-bir xalqni qiynab tekshirib yuribsizlar o‘zi?»