Markaziy Osiyo davlatlari Stalin zamonidan qolgan chegara masalalarini nihoyat hal qilib oldi. Va endi xalqaro maydonda yanada jipsroq bo‘lib harakat qilish payti keldi. Bu birdamlik joriy hafta Samarqandda o‘tadigan birinchi Markaziy Osiyo — Yevroittifoq sammitida yana bir bor o‘z aksini topishi kutilmoqda. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida bu ikki mintaqa nima uchun bir-biriga ehtiyojmand ekani haqida so‘z yuritdi.
Bu hafta Markaziy Osiyo tarixida qoladi. 31 mart kuni O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston prezidentlari Xo‘jandda uchrashib, uch davlat chegarasining tutashgan nuqtasi haqidagi shartnomani imzoladi va “Do‘stlik” stelasini ochib berdi.
Bu yodgorlik – tarixiy ahamiyatga ega. Bir vaqtlar Lenin va Stalin tomonidan belgilab berilgan chegaralardagi chigalliklar sobiq SSSR vaqtida ham, undan keyingi mustaqillik davrida ham xalqlarimizga, davlatlarimizga ko‘p muammolar yaratib keldi. Sovetlar ongli ravishda barchamizning umumiy uyimiz Turkistonni parchalashgan edi, beshta davlatga bo‘lib, beshta milliy-etnik o‘zlikni bo‘rttirishgan edi.
Bir vaqtlar biz barchamiz turkistonliklar edik, sovetlar esa har xil o‘zliklar yaratish va qarama-qarshi qo‘yish orqali, bizning birligimizga zarba berishdi.
2017 yildan boshlab Markaziy Osiyodagi davlatlar o‘rtasidagi muhit mutlaq o‘zgardi. Unga qadar, davlatlarning o‘zaro munosabatlarida sovuq ohanglar ustuvor edi. Misol uchun, O‘zbekistonning Tojikiston bilan yuzlab kilometr chegaralari minalashtirilgan edi. Qirzig‘iston bilan ham chegaralardagi taranglik yuqori edi. Davlatlar o‘rtasida hatto viza tizimi joriy qilingan bo‘lib, yaqin qarindoshlar ham o‘n yillab bir-birini ko‘rish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan edi. Bugun aytsa ishonish yiqin bo‘lgan bu og‘ir vaziyatlar ortta qoldi.
Qolaversa, mintaqa davlatlarining tashqi siyosatdagi, geosiyosatdagi qarashlari ham juda yaqinlashdi. Demak, 31 mart kuni uch davlat rahbarlari Stalindan qolgan og‘ir chegara muammolarini hal qilib, Markaziy Osiyo tarixida yangi sahifani ochib berishdi.
Bu haftadagi yana bir muhim voqea: Samarqandda bo‘ladigan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti. 3-4 aprel kunlari Samarqandda Markaziy Osiyoning besh davlat rahbarlari va Yevropa Ittifoqining asosiy rahbarlari uchrashib, ikki mintaqa o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori darajaga olib chiqishi kutilmoqda.
Global siyosatda katta o‘zgarishlar boshlangan. AQSh hokimiyatiga Trampning kelishi, unga qadar Rossiya-Ukraina urushi xalqaro maydondagi turbulentlikni, chayqalishlarni kuchaytirdi. Dunyo ko‘p qutblilik tomon ketmoqda. AQShning o‘zi izolyatsionizmga og‘ishmoqda. Tramp tomonidan boshlab berilgan iqtisodiy natsionalizm dunyoda savdo-iqtisodiy urushlar va geosiyosiy tirashuvlarni kuchaytirdi.
















