Ruminiyada o‘nlab yillar davomida oddiy tosh sifatida ishlatib kelingan tosh endi dunyodagi eng qimmat qahrabolaridan biri hisoblanmoqda. Euronewsʼning yozishicha, uning qiymati 1 million dollardan oshishi mumkin.

Foto: Buzău County Museum

Og‘irligi 3,5 kilogrammga yetadigan tosh 1960 yillarda keksa ayol tomonidan Ruminiya janubi-sharqidagi daryodan topilgan. Yillar davomida undan uy xo‘jaligi buyumi sifatida foydalanib kelishgan va hech kim uning asl qiymatini anglamagan.

1991 yilda ayol vafotidan keyin uyni meros sifatida olgan uning qarindoshi toshning noodatiy ko‘rinishiga e’tibor qaratgan. U toshni mahalliy hukumatga sotgan. Polshadagi Krakov tarix muzeyi tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza ushbu tosh «rumenit» nomli shu vaqtgacha aniqlangan eng katta shikastlanmagan qahrabo bo‘lagi ekanini aniqlagan.

Rumenit — Ruminiyada uchraydigan qahraboning noyob turi bo‘lib, qimmatbaho toshlar bozorida talabgir. Ekspertlarning baholashicha, u qadimgi daraxtlar qatronining qotishidan hosil bo‘ladi. 2022 yildan beri ushbu topilma Buzeu muzeyida saqlanmoqda.