Joriy yil 4-5 aprel kunlari Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo ekologik muammolarga duch kelmoqda: barqaror rivojlanish va farovonlik uchun mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash» mavzusida birinchi xalqaro iqlim forumi o‘tkaziladi. Mazkur forum nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqlim muammolariga yechim topish, balki mintaqaviy ekologik muammolarga hamkorlikni kuchaytirish orqali aniq amaliy takliflar ishlab chiqish bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Forumning O‘zbekiston uchun ahamiyati
Bugungi kunga kelib O‘zbekiston mintaqadagi iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolarga qarshi kurashish va barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim qadamlarni tashlab kelmoqda. Samarqand iqlim forumi O‘zbekistonga bir qator afzalliklar taqdim etadi. Xususan:
- forum O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro ekologik masalalarda yetakchi davlat ekanini ko‘rsatadi. Bu esa butun dunyo davlatlari, ekologik tashkilotlar, shuningdek, tashqi investorlarning mamlakatga bo‘lgan ishonchini oshiradi;
- mazkur forum davomida O‘zbekiston o‘zining «yashil iqtisodiyot» bo‘yicha strategiya va dasturlarini namoyon qiladi hamda ilg‘or rivojlangan xorijiy davlatlar mutaxassislari bilan tajriba almashadi;
- Samarqandda xalqaro darajadagi forum o‘tkazilishi shaharga sayyohlar oqimini oshirish va iqtisodiy rivojlanishga turtki berishi bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.
Forumda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari, 80 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumning Markaziy Osiyo davlatlari uchun ahamiyati
Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan mamlakatlar ham iqlim o‘zgarishidan jiddiy jabr ko‘rmoqda. Jumladan, ushbu mintaqada yaylovlar qurib borayotgani, suv resurslarining tobora kamayib, tanqis bo‘layotgani va chang bo‘ronlari bu muammolarning aniq misollari hisoblanadi.
Mazkur forum quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ahamiyatli hisoblanadi:
Mintaqadagi hamkorlikni kuchaytirish – Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishlari va ekologiya sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishlari kutilmoqda.
Muammolarni kompleks tahlil qilish – Forumda iqlim o‘zgarishi va ekologik inqiroz sabablari va ularning yechimlari bo‘yicha tahlillar o‘tkaziladi.















