Ketma-ket uch jahon moliya bozorlarida keskin pasayish davom etdi. Bu AQSh prezidenti Donald Trampning Qo‘shma Shtatlarning aksariyat savdo hamkorlariga nisbatan joriy qilgan misli ko‘rilmagan tariflari fonida yuz beryapti. Investorlar global retsessiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan keng qamrovli savdo urushi istiqbolidan tobora ko‘proq asabiylasha boshlashdi.

Ularning ta’kidlashicha, tariflar ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi, ishonchning pasayishi, bozor o‘zgaruvchanligi va ta’minot zanjiri uzilishlari tufayli iqtisodiy o‘sishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Jahon iqtisodiyoti tanazzulga uchrashi mumkinmi?

JP Morgan global turg‘unlik ehtimoli yil oxiriga borib 60 foizni tashkil etadi, deb hisoblayapti. Trampning keng qamrovli tariflari e’lon qilinishidan oldin bu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etayotgandi.

Deutsche Bank ham Trampning yangi tariflari «2025 yil va kelgusi o‘n yilliklar uchun ulkan global oqibatlarga olib kelishi» mumkinligidan ogohlantirdi.

Osiyo bozori Yevropadan ko‘ra ko‘proq zarar ko‘rdi. Yuqori bojlar Vetnam, Tayvan va Indoneziya kabi davlatlarni Vashington bilan yangi savdo bitimlarini tuzishga undayapti.

Hozirgacha Xitoy AQSh importiga javob tariflarini e’lon qilgan yagona yirik iqtisodiyotdir. Pekin 10 apreldan boshlab AQShdan import qilinadigan barcha tovarlarga 34 foizlik qo‘shimcha bojlar joriy qiladi. Shuningdek, 4 apreldan boshlab o‘rta va og‘ir nodir yer elementlari, jumladan, samariy, gadoliniy, terbiy, disproziy, lyutetsiy, skandiy va ittriyning AQShga eksporti nazoratga olingan.

Bunga javoban Tramp Xitoy tomonidan AQSh bojlariga javob sifatida qabul qilingan so‘nggi tarif choralari bekor etilmasa, Xitoyga nisbatan qo‘shimcha 50 foizlik bojlar joriy etilishi bilan tahdid qildi.

AQShga eksport qilish uchun 26 foiz yig‘imga duchor bo‘lgan Hindiston esa Tramp tariflariga javob qaytarishni rejalashtirmayapti, deb xabar berdi Reuters ismini oshkor etmagan hind rasmiysiga tayanib.

Rasmiy Dehli AQSh importiga ba’zi tariflarni pasaytirdi. Hindiston fevral oyida Bosh vazir Narendra Modining Oq uyga tashrifi chog‘ida Vashington bilan yangi savdo kelishuviga erishmoqchi bo‘lgan ilk davlatlardan biri ham bo‘lgandi.