Isroil bosh vaziri matbuot xizmati ma’lum qilishicha, u Vengriyaga qilgan tashrifidan so‘ng, Tramp taklifi bilan AQShga uchib ketgan.
Jurnalistlar uchun qilgan bayonotida Netanyahu tomonlar bojlar masalasini, G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv muzokaralarini, Isroildagi mahkumlar holatini, Suriyada Turkiya va Isroil o‘rtasidagi keskinlikning o‘sishi hamda Eron masalasini muhokama qilganini ma’lum qilgan.
Tramp Netanyahuni Oq uydagi Oval kabinetda qabul qildi va matbuot uchun qo‘shma bayonot berdi.
Isroil matbuotining ta’kidlashicha, Tramp matbuot kameralari oldida Netanyahuni tahqirlagan va uchrashuv yakunlariga ko‘ra Netanyahuning qo‘llari bo‘sh qolgan.
Sharmandali va tahqiromuz
Walla saytida Barak Ravid tomonidan chop etilgan tahliliy maqolada ta’kidlanishicha, Netanyahu Vashingtondan o‘zi istagan hech bir natijani qo‘lga kiritmagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Netanyahu «sharmandali va tahqiromuz» holatga tushib qolgan va «u Eron yadroviy dasturi, Isroilga nisbatan joriy etilgan 17 foizlik boj masalalari va Suriyadagi Turkiya mavqeyini hal qilish kabi eng muhim masalalarda Trampga ta’sir o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan».
7 apreldagi uchrashuvni Isroil bosh vazirining Tramp bilan eng muvaffaqiyatsiz uchrashuvi deb baholar ekan, Ravid: «Netanyahu kameralar oldida shunchaki kulib turdi va Trampning bayonotlariga ko‘nikishga majbur bo‘ldi», deb yozadi.
«Netanyahu Donald Tramp sahnasining statistiga aylandi. AQSh prezidenti yarim soatdan ziyod savollarga javob berdi —uning mehmoni esa studiya sahnasidagi dekoratsiyaning bir qismi kabi turdi. Yoki, Netanyahuning o‘zi mashhur videosida aytganidek, gultuvakdek o‘tirdi», — deb yozadi u.
Netanyahuning «AQSh bilan savdo muvozanatini bartaraf etish» bo‘yicha va’dasi Trampga ta’sir qilmadi. AQSh rahbari Isroil bosh vazirini harbiy yordam masalasida tanqid qildi.
Ravidning ta’kidlashicha, fevralda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi ko‘tarinki kayfiyatdan farqli ravishda bu safar «Netanyahu xuddi tilini yutgandek ko‘ringan».
Uchrashuvning ko‘zga ko‘rinmas tomonlari to‘g‘risidagi mulohazalarini bayon etar ekan, Ravid shunday yozadi: Netanyahu uchrashuv vaqtida Turkiyaning Suriyadagi faoliyatidan xavotir bildirgan va AQShdan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga bosim o‘tkazishni so‘ragan, biroq bu iltimos eshitilmagan. Qaytaga, Tramp Erdo‘g‘anni maqtab ketgan.

















