Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 8 aprel kuni Donetsk oblastida ukrainalik harbiylar Xitoyning Rossiya armiyasi tomonida jang qilgan ikki nafar fuqarosini asirga olganini ma’lum qildi. U Ukraina tashqi ishlar vazirligiga «darhol Pekin bilan bog‘lanib, Xitoy bunga qanday munosabat bildirmoqchi ekanini aniqlash»ni topshirdi. 

«Bosqinchilar bo‘linmalarida Xitoyning bunday fuqarolari soni ikkitadan ancha ko‘p ekani haqida ma’lumotlar bor. Hozir barcha faktlarni aniqlayapmiz. Razvedka, UXX, Qurolli kuchlarning tegishli bo‘linmalari ishlamoqda», – deb yozgan Zelenskiy.

Zelenskiy brifingda ukrain harbiylari xitoylik olti harbiy bilan jangga kirishgani va ulardan ikki nafarini asir olganini aytgan.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, asirlarning yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va bank kartalari bo‘lgan.

Zelenskiy mahbuslardan biri aks etgan videoni e’lon qilgan. Unda qo‘li kishanlangan xitoylik asirlardan biri xitoy tilida gapirayotgani va yaqinda bo‘lib o‘tgan jangni tasvirlayotgani aks etgan: u imo-ishoralar bilan osmonda dronlar uchib yurganini ko‘rsatadi va o‘q ovoziga taqlid qiladi.

U tashqi ishlar vaziriga «darhol Pekin bilan bog‘lanish» va Xitoyning reaksiyasini olishni topshirdi.

Hozirda asirlar Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olingan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan 9 aprel kuni rasmiy Pekin «ma’lumotlarni Ukraina tomoni bilan solishtirayotgani»ni aytdi. «Shuni ta’kidlashni istardimki, Xitoy hukumati har doim Xitoy fuqarolarini mojaro zonalaridan uzoqroqda bo‘lishga, qurolli mojaroda ishtirok etishning har qanday shaklidan qochishga, xususan, harbiy operatsiyalarda ishtirok etishdan qochishga chaqiradi», – dedi Lin Szyan. Shuningdek, u Xitoy fuqarolari urushda ishtirok etayotgani haqidagi da’vo «hech qanday asosga ega emasligini aytdi», deb yozadi TASS agentligi.

Keyingi kuni, 10 aprelda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi «Xitoy tegishli tomonlarga mas’uliyatsiz bayonotlar berishdan ko‘ra, XXRning [Rossiya-Ukraina urushidagi] rolini to‘g‘ri va aniq tushunishni maslahat berishi»ni aytdi (iqtibos TASSniki).