Telejurnalist Ramina Yagafarova vafot etgan xususiy klinikaning ikki shifokori jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, A.K. va O‘.K. “Doktor servis” MChJga qarashli xususiy klinikada reanimatolog shifokor bo‘lib ishlab kelgan.
2023 yil 12 sentabr kuni Ramina Yagafarova ushbu xususiy klinikada davolanayotgan onasini ko‘rgani kelgan. U betobligi sababli o‘zi bilan birga olib kelgan “Taygeron” nomli dori vositasini iste’mol qilgan hamda mazkur dori vositasi reaksiyasi oqibatida anafilaktik shok holatiga tushib qolgan.
Shifokor O‘.K. Ramina Yagafarovada anafilaktik shok holati yaqqol ko‘rinib turganiga qaramasdan unga “dori vositalaridan anafilaktik reaksiya” tashxisini noto‘g‘ri qo‘yib, dastlabki davo choralarini patogenetik yo‘nalishga mos bo‘lmagan usulda olib borgan. Sog‘liqni saqlash vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol”da bunday bemorga inson organizmi ichki a’zolari faoliyatini tiklovchi “Epinefrin” (Adrenalin) dori vositasi qo‘llanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilganiga qaramasdan shifokor beparvolik bilan mazkur dori vositasini qo‘llashni buyurmagan.
Bundan tashqari, O‘.K. Yagafarovaga so‘roq ostida pnevmoniya tashxisini qo‘ygan bo‘lsa ham, rengten tekshiruvlari o‘tkazib, pnevmoniya tashxisi bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan. Qolaversa, bemordagi anafilaktik shok holatini bartaraf etish, uning hayotini saqlab qolish hamda davo usulini tanlash maqsadida allergolog va terapevt mutaxassislarining maslahatini olmagan. Aksincha, ushbu kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda anafilaktik reaksiyani yanada kuchaytiruvchi qarshi ko‘rsatmalari bo‘lgan “Kalsiy glyukonat” dori vositasini hamda qorindagi kuchli og‘riqni qoldirish maqsadida tarkibida “narkotik” moddasi bo‘lgan “Promedol” dori vositasini qo‘llashni buyurgan.
Shuningdek, O‘.K. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekistondagi dori vositalarining qo‘llanmalari haqidagi “Spravochnik vidal” nomli kitobda “Natriy gidrokarbonat” dori vositasi tutqanoq xurujini keltirib chiqarishga moyilligi qayd etib o‘tilgan bo‘lsa-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri anafilaktik shok holatida qo‘llanmaydigan 400 ml dozada “Natriy gidrokarbonat” dori vositasini qo‘llagan.
Sud hukmida “shifokor O‘.K. tomonidan o‘z kasbiga beparvolik va vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida bemor 12 soat vaqt mobaynida qarovsiz qolib ketgani” ham keltirib o‘tilgan.
Shifokor A.K. esa Yagafarovani umumiy og‘ir ahvolda qabul qilib olgan hamda bosh shifokor M.I. bilan birgalikdagi ko‘rikda unga “anafilaktik shok” hamda “qarindoshlari so‘zidan tutqanoq sindromi” tashxisini qo‘ygan. U Yagafarovaning ahvoli og‘ir bo‘lsa ham uni anafilaktik shok holati bo‘yicha davo muolajalarini olib borishga ixtisoslashtirilgan muassasaga ko‘chirish choralarini ko‘rmagan. Bemorning tibbiy kartasiga “bemor va uning qarindoshlariga ixtisoslashtirilgan davolash muassasasiga ko‘chirish taklif qilingani, biroq bemor va uning qarindoshlari bunga rozilik bermagani” haqidagi yozuvlarni kiritish bilan cheklangan.















