Migratsiya agentligining firibgarlik va jinoiy daromadlarni legallashtirishda ayblangan sobiq rahbari oqlandi
2022 yil 17 martdan 2023 yil 2 yanvar, ya’ni qamoqqa olingunga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligini boshqargan Afzal Irmatov oqlandi. U “uyushgan guruh a’zolari bilan Koreyaga ketgan fuqarolardan qariyb 14,5 mlrd so‘m ortiqcha mablag‘ yig‘ib olgan”likda ayblangandi. Dastlabki instansiya sudining hukmi bilan Irmatov 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

2022 yil 17 martdan 27 mayga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi, 2022 yil 27 maydan 2023 yil 2 yanvargacha esa agentlik boshlig‘i lavozimida ishlagan Afzal Irmatov 2023 yil 2 yanvarda ushlanib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. U boshqa shaxslar bilan til biriktirib, Koreyaga mehnat migranti sifatida ketayotgan fuqarolardan ortiqcha pul undirganlikda ayblangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2024 yil 13 maydagi hukmi bilan Afzal Irmatov Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari (juda ko‘p miqdorda firibgarlikka suiqasd), 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari (juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil mas’ul mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 30 iyuldagi ajrimiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi hukmining Afzal Irmatovga oid qismi o‘zgartirilib, u jinoiy hodisa yuz bermagani sababli Jinoyat kodeksining 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybsiz deb topilgan va oqlangan. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari, 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari bilan unga 3 yil migratsiya sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 180 mln so‘m jarima jazosi belgilangan.
Qamoqda saqlangan 576 kuni tayinlangan jazodan chegirilib, jarima jazosi 93 mln 600 ming so‘mga tushirilgan hamda Irmatov darhol sud zalida qamoqdan ozod qilingan.
Kun.uz tanishgan sud hukmida Afzal Irmatov 2022 yil yanvar-dekabr oylari davomida firibgarlik yo‘li bilan boylik orttirish maqsadida Koreyaga mehnat migranti sifatida ketishi aniq bo‘lgan fuqarolardan aviachipta uchun ortiqcha pul mablag‘larini qo‘lga kiritish borasida uyushgan guruh tashkil etgani keltiriladi. U guruh a’zolari bilan 2022 yilning 6 yanvar kunidan 19 dekabriga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida Koreyaga ketgan fuqarolardan ortiqcha yig‘ilgan jami 14 mlrd 416 mln so‘mni qo‘lga kiritib, taqsimlab olgani aytiladi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining 2025 yil 8 apreldagi hukmi bilan Afzal Irmatov aybsiz deb topilgan hamda reabilitatsiya qilingan. Jinoyat ishining unga oid qismi tugatilgan.
Afzal Irmatovning qamoqqa olingani 2023 yil mart oyida ma’lum bo‘lgandi. U 2010 yildan 2013 yilgacha ham Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida rahbar bo‘lib ishlagan.
Mavzuga oid

17:31 / 28.04.2025
Toshkentda 5 kishiga Germaniya vizasi olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi

12:47 / 24.04.2025
Haj va Umra ziyoratiga noqonuniy ravishda yubormoqchi bo‘lgan shaxslar aniqlandi

09:30 / 22.04.2025
Jizzaxda gaz ta’minoti bo‘limi xodimi ushlandi

20:02 / 18.04.2025