Kursk oblastining sobiq gubernatori Aleksey Smirnov budjetdan kamida bir milliard rublni o‘g‘irlash bo‘yicha jinoiy ish doirasida hibsga olindi. Politsiyachilar FXX xodimlari hamrohligida Smirnovni 15 aprel kuni qo‘lga olgan, shundan so‘ng u Moskvaga olib ketilgan. U Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi penthausda qo‘lga olindi, deb yozadi «Kommersant».

Moskvaning Meshchanskiy rayon sudi Smirnovni hibsga olish to‘g‘risida 16 aprelda qaror chiqardi, u ikki oy muddatga, 15 iyungacha hibsxonaga jo‘natilgan. Himoya tomoni Smirnovning yurak xastaligi borligini ro‘kach qilib, uni uy qamog‘iga jo‘natishni taklif qildi. Ayblanuvchining vakiliga ko‘ra, sud qarori ustidan shikoyat qilinadi.

Shuningdek, Kursk oblasti gubernatorining sobiq birinchi o‘rinbosari Aleksey Dedov ham qo‘lga olingan va Kurskdan Moskvaga olib ketilgan. Sud unga nisbatan ham qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llashi kutilmoqda.

Kursk oblastining sobiq rahbariga, shuningdek, uning o‘rinbosariga uyushgan guruh tarkibida xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik sodir etish aybi (Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi) qo‘yildi, dedi Rossiya Ichki ishlar vazirligi rasmiy vakili Irina Volk. Ushbu modda bilan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutiladi.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Smirnov va Dedov uyushgan guruh ishtirokchilariga rahbarlik qilgan va «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi» rahbariyati bilan birgalikda milliard rubldan ortiq budjet mablag‘larini o‘g‘irlashni tashkil qilgan. «Rivojlanish korporatsiyasi» Ukraina bilan chegarada mudofaa inshootlarini qurishda bosh pudratchi bo‘lib ishlagan, o‘g‘irlangan pullar muhandislik inshootlarini qurishga yo‘naltirilgan.

Smirnov va Dedov aybiga iqror bo‘lmadi. Sobiq gubernator ko‘rsatma berishdan bosh tortdi va ayblov matnini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqish va qarshi dalillarni tayyorlash uchun vaqt kerakligini aytdi, deb yozadi «Kommersant».

Avvalroq ish bo‘yicha «Kursk oblastini rivojlantirish korporatsiyasi»ning uch rahbari – sobiq bosh direktor Vladimir Lukin va uning o‘rinbosarlari Igor Grabin va Snejana Martyanova qo‘lga olingan edi. Ichki ishlar vazirligi budjet mablag‘larini olgan va zarur qurilish ishlarini bajarmagan kompaniyalar rahbarlari ham ushlanganini ma’lum qildi. Ish bo‘yicha ayblanuvchilar hibsga olingan.

Tergov zirhli texnikaning harakatlanishiga to‘sqinlik qiluvchi katta beton piramidalar – sifatsiz «ajdar tishlari» tufayli boshlandi, deb yozadi RBK. Kursk oblastida himoya inshootlari qurilishini tekshirishdan so‘ng tergovchilar bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ish materiallari bilan tanish bo‘lgan RBK manbasining so‘zlariga ko‘ra, tergovning e’tirozlari qurilgan obektlar loyiha hujjatlariga mos kelmagani sababli yuzaga kelgan.