Mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar 1 iyungacha litsenziya olishlari kerak. Rasmiylarning tushuntirishicha, bu orqali, masalan, olma uchun mo‘ljallangan kimyoviy moddaning pomidorga sepilishining oldi olinadi. Shuningdek, bunday mahsulot importi ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi, kimyoviy moddalar bosqichma-bosqich markirovkalanadi.
O‘zbekistonda zararkunanda hashoratlarni yo‘q qilish uchun ishlatib kelingan 40 ta kimyoviy modda taqiqlandi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi vakillari 17 aprel kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida ma’lumot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi 2 yilda zaharli sipermetrin, xlorpirifos, dimetoat va tiakloprid kabi zaharli moddalardan foydalanish to‘xtatilgan. Boisi, ushbu moddalar inson o‘limiga olib kelishi yoki asalarichilikka jiddiy zarar yetkazadi.
“2021 yilgacha bu ro‘yxat kitob shaklida bo‘lardi, har ikki yilda yangilanib turardi. To‘g‘ri aytdingiz, sipermetrin, xlorpirifos taqiqlangan modda, u O‘zbekistonda ishlatilmaydi. Ikkinchisi dimetat, buyam bozordan olib tashlangan, zaharliligi uchun SES, ekologiya ruxsat bermaydi. Uchinchisi imidakloprid. Bunga meva-sabzavot uchun taqiq joriy qildik, faqat go‘zada qolgan”, – deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Bobur Hamrayev.
Hamrayevning aytishicha, 10 ga yaqin preparatdan foydalanish bo‘yicha cheklovlar kiritilgan. Ro‘yxat bilan “Agroko‘makchi” mobil ilovasida tanishish mumkin. Unda fermer va dehqonlar uchun turli ko‘rsatmalar ham berib boriladi.
“Cheklov qo‘yilgan 10 ta modda bor. Masalan, glifosat, indoksakarb kabi ta’sir etuvchi moddalar. Ular faqat go‘zaga ishlatiladi. 639 ta biolaboratoriyamiz 2025 yilda bozorda 197 mlrd so‘mlik savdoni amalga oshirishi prognoz qilingan. Bu cheklov kiritilgan preparatlarimiz o‘rnini bosish uchun qilinyapti. Bu preparatlar O‘zbekistonda bor, cheklovga qo‘yilgan preparatlarning hammasi g‘o‘zaga deb ro‘yxatdan o‘tadi. Shu ekinlarda ishlatiladi. Hattoki, preparatning yorlig‘iga ham yoziladi. Agar shu talablar bo‘lmasa, tadbirkorning litsenziyasi ham, guvohnomasi ham bekor qilinadi”, – deydi Hamrayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 iyundan kuchga kiradigan tartibga asosan endi mineral o‘g‘itlar va kimyoviy vositalarni ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar litsenziya asosida faoliyat yuritadi. Lisenziyalash jarayonlari 7 fevraldan boshlangan. Bu orqali preparatlardan foydalanish bilan bog‘liq noqonuniy holatlarga qarshi kurashiladi.













