«Amerika kuchlari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan terrorchi husiychilar uchun yonilg‘i manbasi bo‘lgan nishonni yo‘q qilish va ularni 10 yildan ortiq vaqt davomida butun mintaqadagi husiychilarning terrorchilik harakatlarini moliyalashtirgan noqonuniy daromadlaridan mahrum qilishga harakat qildi», — deyiladi AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bayonotida.
Amerikalik harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, yil boshida Vashington isyonchilarni xorijiy terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilganiga qaramay, bu yerga port orqali yonilg‘i yetkazib berilishi davom etgan.
Yamanning shimoli-g‘arbiy qismini boshqarayotgan husiychilar hukumati terminal fuqarolik obekti ekani va unga qilingan hujum «to‘laqonli harbiy jinoyat» hisoblanishini ma’lum qildi.
«Ras-Isa»ga zarba berilganidan bir necha soat o‘tgach, Isroil harbiylari Yamandan uchirilgan raketani to‘xtatib qolganini ma’lum qildi.
Isroilning bir qancha hududlarida sirenalar yangradi, ammo qurbonlar yoki vayronagarchiliklar haqida xabar berilmadi.
Husiychilar tomonidan boshqariladigan «Al-Masira» telekanali xabariga ko‘ra, payshanba kuni kechqurun Hudayda shahridan taxminan 60 km uzoqlikda joylashgan «Ras-Isa»ga 14 bor havo hujumi uyushtirilgan.
Telekanalning mahalliy sog‘liqni saqlash idoralariga tayanib xabar berishicha, halok bo‘lganlarning aksariyati ishchilar bo‘lgan. Shuningdek, ma’lum qilinishicha, 5 nafar feldsher voqea joyiga yetib kelganida AQShning takroriy zarbalari oqibatida halok bo‘lgan.
Qurbonlar haqidagi xabarlarni tekshirishning imkoni yo‘q, biroq «Al-Masira» telekanali tomonidan namoyish etilgan kadrlarda yonayotgan sisternalar yonida kamida 10 kishining kuygan jasadlarini ko‘rish mumkin. Shuningdek, og‘ir kuyish jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilganlar aks etgan kadrlar ham bor.
«Biz «Ras-Isa» neft portiga zarba berish to‘laqonli harbiy jinoyat ekanligini tasdiqlaymiz, chunki port harbiy emas, balki fuqarolik obekti hisoblanadi», – deyiladi husiychilar hukumati bayonotida. – Biz Qizil dengizdagi keskinlashuv oqibatlari uchun barcha mas’uliyatni AQSh ma’muriyatiga yuklaymiz».
Eron Tashqi ishlar vazirligi zarbalarni «varvarlarcha hujum» sifatida qat’iy qoralashini ma’lum qildi.
















