11-13 aprel kunlari Turkiyaning Antalya shahrida to‘rtinchi Diplomatik forum bo‘lib o‘tdi. “Bo‘lingan dunyoda diplomatiya” nomi ostida o‘tgan anjumanda 21 ta davlat rahbari, 40 dan ortiq tashqi ishlar vazirlari, 70 dan ortiq davlatning martabali mulozimlari, 155 ta davlatdan jami 6 mingdan ziyod siyosatchilar, diplomatlar, ekspertlar va OAV vakillari qatnashdi. O‘zbekistondan Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari Sodiq Safoyev ishtirok etdi.

Forum bekorga “Bo‘linayotgan dunyoda diplomatiya” deb nomlanmadi. Dunyoda bir qutblilik tugab bormoqda. 1990 yillardagi kabi AQShning salohiyati mutlaq emas. Ko‘p qutblilik shakllanib boshladi. Biroq, hali bir qutblilik yemirilib borayotgan bo‘lsa-da, ko‘p qutblilik shakllanib ulgurgani yo‘q. Bu forum hozirgi global siyosiy, geosiyosiy va geomafkuraviy jarayonlarni muhokama qilish, fikr almashish uchun yaxshi maydon bo‘lib xizmat qildi.

Nima uchun biz o‘zbekistonliklar Turkiyani kuzatishimiz kerak? O‘zbekiston – turkiy dunyoning tarkibiy qismi. Jami oltita turkiy mustaqil davlat bo‘lsa, O‘zbekiston – Turkiyadan keyingi ikkinchi yirik turkiy davlat hisoblanadi. Qolaversa, O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi, possovet hududidagi eng yirik turkiy davlat. Biz Chor Rossiyasi istilosiga qadar, ayniqsa, bolsheviklar hokimiyatga kelguniga qadar ajdorlarimizning Turkiya bilan, turkiy xalqlar bilan aloqalari juda kuchli edi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1990-yillarning boshida ham biz Turkiya modeliga oriyentir olib boshladik. Biroq, bu yaqinlik ko‘p cho‘zilmadi. Mana, oxirgi 7-8 yilda O‘zbekiston yana turkiy dunyoga, turkiy hamkorlikka, Turkiya bilan munosabatlarni ijobiylashtirishga harakat qildi. Uddasidan chiqdi. Ya’ni, O‘zbekiston jamiyati uchun Turkiya – ikkinchi geosiyosiy oriyentir, Turkiya esa eng muhim do‘st davlat bo‘lib ulgurdi.

Antalya diplomatik forumida juda ko‘plab masalalar, muammolar muhokama qilindi. Eng asosiy masalalar qatorida Suriyadagi vaziyat, G‘azodagi genotsid, Kavkazdagi jarayonlar, Rossiya–Ukraina urushi va muzokaralar, Yaqin Sharqdagi tendensiyalar, Afrika qit’asidagi holatlar, turkiy hamkorlik hamda Markaziy Osiyo davlatlaridagi jarayonlar va loyihalar haqida so‘z bordi.

Forumda Turkiy davlatlar tashkiloti tomonidan alohida panel tashkil qilinib, unda tashkilotga a’zo davlatlarning hamkorligi va bugungi kundagi asosiy masalalar, muammolar, loyihalar haqida ham tahlillar va chiqishlar bo‘ldi. Sodiq Safoyev turkiy dunyodagi qadriyat birligi, dunyoqarash birligiga alohida e’tibor qaratdi, turkiy dunyoda siyosiy va geosiyosiy bo‘linishlar bo‘lmasligi uchun axborot makonining birligi, siyosiy muloqotlar va hamkorlik intensivligi haqida gapirdi.