O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

HAMAS: Urush to‘xtasa, garovdagilar ozod bo‘ladi

HAMAS siyosiy byurosi rahbar o‘rinbosari Xalil al-Hayya «Al-Jaziyra» telekanali orqali qilgan chiqishida harakat barcha isroillik asirlarni urushni to‘xtatish evaziga ozod qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Unga ko‘ra, HAMAS harbiy harakatlarni to‘xtatish, asirlar almashinuvi, G‘azodan Isroil armiyasini chiqarish, qamalni tugatish va urushdan keyingi tiklanishni o‘z ichiga olgan «keng qamrovli paket»ga rozi. Al-Hayya Isroil mart oyida yangidan urushni boshlab, yanvardagi to‘xtamni buzganini ta’kidladi.

Uning so‘zlaricha, Misr va Qatar vositachiligida Ramazon yakunida kelishuv loyihasi taklif qilingan va HAMAS uni qabul qilgan, ammo Isroil unda amalga oshirib bo‘lmas shartlar, jumladan HAMASni qurolsizlantirish shartini qo‘ygan.

HAMAS to‘liq asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini bildirmoqda. AQSh vositachiligidagi yashirin muzokaralar martda bosqichma-bosqich to‘xtagan.

G‘azoda halok bo‘lganlar soni 51 mingdan oshdi

Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektoriga qarshi o‘tkazilgan navbatdagi havo hujumlari oqibatida 35 falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy tibbiy xizmatlar ma’lum qildi.

Hujumlar asosan Xon Yunus shahri atrofida amalga oshirilgan bo‘lib, jabrlanganlar orasida bolalar ham bor. Yaralangan o‘nlab fuqarolar «Nasr» kasalxonasiga yetkazilgan.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi hujumlari oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 51 ming 201 nafarga yetdi. Bu haqda G‘azo sektoridagi Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Birgina so‘nggi sutka ichida 43 falastinlik halok bo‘lib, 145 kishi yaralangan. 7 oktyabrdan beri yaralanganlar soni 116 ming 826 nafarga yetgan. Ayni damda minglab qurbonlar tanasi hamon vayron bo‘lgan binolar ostida qolmoqda.

Joriy hujumlar 19 yanvardagi otashkesim kelishuvi buzilgandan so‘ng yanada kuchaydi. Birgina 18 martdan buyon 1827 kishi halok bo‘lgan, 4828 kishi jarohatlangan.

Har kuni kuzatilayotgan bombardimon va hujumlar, asosan, fuqarolar yashaydigan hududlarni qamrab olmoqda. Jahon hamjamiyati tomonidan ogohlantirishlar bo‘lganiga qaramay, G‘azodagi halokatli hujumlar davom etmoqda.