O‘zbekiston prezidentining qarori bilan, Badriddinov Ziyoviddin Bositovich Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samardorligi milliy agentligi direktori etib tayinlandi.
U 2019 yil oktyabrdan buyon Respublika tovar-xomashyo birjasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Energiya samaradorligi milliy agentligi O‘zbekiston prezidentining 2 apreldagi farmoni asosida tashkil etilmoqda.
Agentlikka energiya samaradorligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, sohada rag‘batlantiruvchi va ta’sir etuvchi choralar ishlab chiqish va tartibga solish; energiya tejashdan daromad oluvchi energiya servis kompaniyalari (ESKO) xizmatlari bozorini rivojlantirish va boshqa vazifalar yuklatilgan.
Badriddinovning o‘rniga, tovar-xomashyo birjasi raisi lavozimiga Qayumov Asadulla O‘rolovich tayinlandi. U tayinlovga qadar 2022 yildan buyon Raqobat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosari lavozimlarida ishlab kelayotgandi.











