Qonunchilik palatasining 22 aprel kungi yalpi majlisida soliq va tadbirkorlik sohasiga oid qonun loyihasi qabul qilindi.

Endilikda Senat ko‘rib chiqadigan qonunga ko‘ra:

  • birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs agar sud maslahatxonasiga kirguniga qadar soliqlar va yig‘imlar, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, ozod qilinishi mumkin;
  • tergov va sud jarayonida tadbirkorni himoya qilishga Biznes ombudsman va Savdo-sanoat palatasini jamoat himoyachisi sifatida jalb etish tartibi belgilanmoqda;
  • soliq sohasidagi huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha hisoblangan mablag‘lar tergov organi depozit hisobraqamidan budjetga o‘tkazilguniga qadar penya hisoblanmaydi.
  • mulkdorning yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda, mulkning bozor qiymatida to‘lab berilgan kompensatsiya miqdori soliq daromadi tarkibiga kiritilmaydi.

Yalpi majlisda qonun loyihasining 1-moddasi muhokamaga sabab bo‘ldi. Bu modda bilan Jinoyat kodeksining 179-moddasi (soxta tadbirkorlik)ga o‘zgartirish kiritilmoqda. O‘zLiDeP esa kodeksdan soxta tadbirkorlik tushunchasini chiqarib tashlashni taklif qildi.

“1-modda bilan Jinoyat kodeksining 179-moddasiga o‘zgartirish kiritilayoganiga ahamiyat bersak, bu moddaning dispozitsiyasi Jinoyat kodeksidagi firibgarlik va soliq yig‘imlarini to‘lashdan bo‘yin tovlash borasidagi normalar asosida ham javobgarlikka tortilishini ko‘rishimiz mumkin. Sud amaliyotida ham shunday holatlar uchraydi. Shundan kelib chiqib, ushbu 179-modda tadbirkorlar uchun qo‘shimcha javobgarlik keltirib chiqaradigan modda bo‘lib turibdi. Bu esa mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid islohotlar ruhiga to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, dunyoda iqtisodiy tebranishlar oqibatida ushbu modda mamlakatimizdagi tadbirkorlik muhitiga ham salbiy ta’sir etishi mumkin”, – dedi deputat Umid Anvarxo‘jayev.

Umid Anvarxo‘jayev / Foto: Qonunchilik palatasi