Bolalikdagi ertaklarda yoki Hollivud kinolarida klishega aylanib ketgan syujyetlar bor. Masalan, turli yo‘llar bilan malikani qutqarish uchun bir necha qahramon voqea joyiga yetib keladi yoki kinoda, bankni o‘marish keragu, hammaning o‘z hikoyasi, shu qarorga undagan biror jiddiy sababi bor. Kimdir boyib ketmoqchi, kimdir sevgi tufayli bu yo‘lda, kimningdir qizini o‘g‘irlab ketib, shu ishni bajarsang, qaytarib beramiz, deb tahdid qilishgan. Xullas, tushundingiz.

Agar Yevropa Ligasi yarimfinal ishtirokchilariga qarab, biroz fikr yuritsangiz, beixtiyor o‘sha yoshlikdagi syujyet esga tushadi. Har bir klub bu yerga turli yo‘llar bilan yetib kelishdi va qizig‘i, har birining bir-biriga o‘xshamagan manfaati, maqsadi borki, intrigani yanada oshiradi. Keling, «Manchester Yunayted», «Tottenhem», «Atletik» va «Bude-Glimt»ni bir qizga uylanish uchun sovchi bo‘lib kelgan kuyovlikka nomzodlar, Yevropa Ligasini esa go‘zal qizga qiyoslaymiz. Boshladik.

«MANCheSTeR YuNAYTeD»

«Manchester» qizni sevmaydi. Uning o‘z hisob-kitobi bor. Uylanishdan maqsad, shu orqali «yosh oila»ga aylanib olmoqchi va berilgan imtiyozlardan foydalanish niyatida. Kredit olar, balki imtiyozli uy uchun harakat qilar, ehtimol ishxonasida uylanganlarga ko‘proq mukofot, yordam pullari berishar va hokazo.

«Manchester Yunayted» mavsum o‘rtasida Erik ten Hagni iste’foga chiqarib, o‘sha palla uchun Yevropaning eng yaxshi murabbiylaridan biri bo‘lib turgan Ruben Amorimni olib keldi-yu, keyin qarasa, yangi murabbiyning o‘ziga xos tizimi, talablari bor ekan. Busiz Ruben «Sporting»dagi sehrini ko‘rsata olmaydi, zudlik bilan ba’zi chiziqlarga yangi, aynan murabbiy uchun mos bo‘lgan futbolchilar transfer qilinishi shart. Axir yozdagi transferlar, undan oldingilari Erik ten Hag uchun olib kelingan-ku?

Keyin, bundoq qarashsa, pul ham yo‘q, g‘aznaning tagi ko‘rinib qolgan, buning ustiga, UYeFAning moliyaviy shartlari ham ko‘p sarflashga to‘sqinlik qilmoqda. APLda vaziyat o‘nglab bo‘lmas darajada chatoq. Demak, birgina yo‘l – Yevropa Ligasini yutish orqali Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish.

Bu tryukni bir necha yil oldin boshqa portugaliyalik murabbiy o‘rgatib ketgandi «Yunayted»ga. Agar YeChL yo‘llanmasi bo‘lsa, birinchidan, qo‘shimcha moliyaviy daromadlar bo‘ladi, ikkinchidan, futbolchilarni jalb qilish uchun muhim. Klub vaziyatni baholab, bor e’tiborini aynan shu turnirga qaratishni boshladi, Angliya chempionati bahslarida hatto shu paytgacha maydonga tushmagan yoshlar ham sinab ko‘rilmoqda.

O‘tgan turda «Bornmut»ga qarshi o‘yinda asosiy tarkib tashlangani sababini esa Ruben Amorim ushbu klubning uslub borasida «Atletik»ka o‘xshash ekani bilan izohladi. Rostan ham bornmutliklar ustozi Iraola bask bo‘lib, uzoq yillar Bilbaoda to‘p surgan. «MYu»ning bu tajribasi u qadar o‘xshamadi, to raqib bir kishi kam bo‘lib qolmaguncha hisobda ortda borayotgandi ham. Lekin ba’zi kichik detallarda kerakli xulosalar olingan bo‘lishi tabiiy.