Ikkinçi jahon uruşidan keyin, insoniyat uruşlar borasida juda jiddiy xulosalar qilgan, uruş olovi bilan öynaşmaslikka qasam içgan edi. Lekin mana, oradan 80 yil ötib, jahon OAVda yana uruşlar bilan boğliq xabarlar odatiy holga aylanib qoldi. Uruş borasidagi global siyosiy tafakkur özgardi.
Xöş, hozirgi uruşlar oldingi uruşlardan nima motivlar bilan farqlanadi? Uruşning sotsiologiyasi qanday, qay tomon özgardi?
Bu savolga javob izlaş uçun, 20-asrdagi eng yirik birinçi va ikkinçi jahon uruşlariga töxtalişimiz zarur böladi.
Birinçi jahon uruşida mafkura yöq edi. 1914-1918 yillardagi uruş biron bir kuçli ğoya yoki mafkuraviy bölinişlar asosida keçmadi. Yevropadagi qudratli davlatlar, şunçaki, özaro munosabatlarga aniqlik kiritiş, ta’sir doirasi va hududlarga talaşib, uruşişdi. Bu uruşning boşlanişi ham, heç kim ilğamagan bitta xodisadan boşlandi va kun sayin kengayib bordi. Bu uruşda ikkita yirik komanda bor edi. Bir tomondan Antanta: Britaniya, Fransiya va Çor Rossiyasi. Ikkinçi tomondan Germaniya, Avstriya-Vengriya va Usmonli Turk imperiyasi. Birinçi jahon uruşiga beşta monarxiya kirgan bölsa, faqat bittasida monarxiya saqlanib qoldi – Britaniya. Rossiyada podşolik yiqilib, hokimiyatga bolşeviklar keldi. Usmonli Turk podşoligi yiqilib, Turkiya Respublikasi paydo böldi. Germaniyada ham Kayzer monarxiyasi yiqildi. Avstriya-Vengriyada nafaqat monarxiya yiqiladi, balki bu davlat parçalanib ketadi. Fransiya esa oldindan respublika edi, respublikaligiça qoladi.
Ikkinçi jahon uruşini ikkita totalitar davlat birgalikda boşlaydi, bular – Germaniya va SSSR. Ikkisida ham bir partiyaviy tizim, totalitar mafkura, yakka şaxs liderligi. Lekin bu ikki totalitar davlatning bitta prinsipial farqi böladi. Germaniya – millatçi, nemis millatining uluğvorligiga asoslangan totalitar davlat edi. SSSR esa, internatsional – köpmillatli totalitar davlat edi. Bu ikkisi 1941-44 yillarda özaro uruşadi. 1944 yilda ikkinçi front oçilib, unga AQŞ qöşiladi va uruş bir tomondan totalitarizm, ikkinçi tomondan liberalizm örtasidagi mafkuraviy ahamiyat kasb etadi
Ba’zi ekspertlar “sovuq uruş”ni dunyodagi uçinçi jahon uruşi deb tasniflaşadi. Ikkinçi jahon uruşi tugaşi bilan, bu uruşda ğalaba qozongan kuçlar ikki qutbga bölinişadi. SSSR va AQŞ dunyoda öz mafkurasi va ta’sir doirasi uçun planetaning barça nuqtalarini qamrab oluvçi tizimli kuraşni, raqobatni boşlab yuborişadi. Bu ikki davlat özaro bevosita töqnaşuvdan qörqişadi, qoçişadi. Çunki bu ikki davlat uruşsa, yadroviy töqnaşuv böliş xavfi juda yuqori edi. Yadroviy töqnaşuv esa bu ikkala davlatni kafolatli yöq qilib yuborar edi. Şu sabab, Moskva va Vaşington 40 yil davomida proksi uruşlar olib borişadi. Vetnamda sotsialistlar hokimiyatga kelmasligi uçun AQŞ bu davlatga kirib keladi, va SSSR yordami natijasida, AQŞ qaqşatgiç zarba oladi. Afğonistonda esa AQŞ va Pokiston harbiy bazalari bölmasligi uçun bu davlatga SSSR bostirib kiradi va AQŞ hamda uning ittifoqçilari yordamida, SSSR yutqazadi.
Sovuq uruş davrida dunyoda uçta mafkura, global loyiha örtasida kuraş ketayotgan edi: bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik liberalizm, sotsializm va uçinçi dunyoning “qöşilmaslik va uçinçi taraqqiyot yöli” modeli. Biroq, SSSRning qulaşi ortidan nafaqat sotsializm öyindan çiqdi, balki uçinçi taraqqiyot modeli ham dunyo sahnasidan ketdi. Xitoy Xalq Respublikasi rejalaştirilgan iqtisoddan bozor iqtisodiyotiga öta boşladi. Natijada, dunyoda ğarbga va bozor iqtisodiyotiga muqobil bölgan boşqa model şakllanmadi. Ğarb va uning qaraşlari monopolistik xarakterga ega böldi.
1991 yilda Saddam Husayn Iroqi Kuvaytga bostirib kiradi. AQŞ va uning arab ittifoqçilari Saddam armiyasiga qarşi 120 soatlik uruşda töliq ğalaba qozonadi, Saddam armiyasi 5 kun içida töliq tor-mor etiladi. Şundan söng ğarb özining harbiy qudratiga katta umidlar yuklab boşlaydi. Sababi, endi SSSR yoki boşqa muqobil kuçlar yöq edi.
Sovuq uruş davridagi uruşlarda strategik xavfsizlik asosiy motiv bölar edi, ya’ni duşmanning ta’siri oçiq-oydin oşib borişi fonida, boşqa taraflarda uruş qilişdan boşqa çora qolmas edi. Biroq, keyingi davrlardagi uruşlarda içki siyosiy motivlar asosiy sabab bölmoqda.
Bugungi kundagi uruşlarni olaylik. Rossiya–Ukraina uruşi. 2014 yilda Qrim anneksiyasidan keyin Kremlning reytingi oşib ketdi. Anneksiyaga qadar Putinga 60-70 foiz aholi işongan bölsa, anneksiyadan keyin uning şuhrati 80-85 foizgaça yetdi. Putin va uning atrofidagilar Ukrainaga uruş qilib, “uç kunda Kiyevni olamiz, va özimizning siyosiy vaziyatimizni uzoq yillarga yanada mustahkamlaymiz!” degan qaraşda bölgani haqidagi taxminlar juda kuçli va asosli. Lekin, bu uruş çözilib ketdi.
Yoki, Isroilning Ğazodagi qirğinbarot uruşi. Töğri, 2023 yilning oktyabrida Hamas Isroilga hujum qildi, lekin savol paydo böladiki, nega Isroil noproporsional qirğinbarot qilyapti? Nega nişonga Hamas emas, oddiy falastinliklar, begunoh bolalar va ayollar olinyapti? Bunga sabab – Netanyahu özining hokimiyatini uşlab turiş uçun, Isroil içidagi sud jarayonlaridan va xalqaro maydondagi sudlardan qoçiş uçun ham, uruşni töxtatiş niyatida emas. Netanyahu va uning aşaddiy millatçi harbiy kabineti uçun, uruş qança çözilsa – şunça yaxşi.
Şu kunlarda Hindiston–Pokiston tiraşuvi yana avjida. Rasmiy xabarlarga köra, Jammu-Kaşmir mintaqasida bir noma’lum terroristik guruh terakt uyuştirgan va işda Hindiston Pokistonni ayblamoqda. Biroq, bu terakt na Pokistonga, va na Hindistondagi musulmonlarga kerak emas. Modi – millatçi partiya vakili, u islomofob. Hindiston – keyingi yillarda Isroil va AQŞ bilan yaqin harbiy-strategik hamkorlik qilayotgan davlat. Bu terakt fonida Modi hukumati uçun AQŞ va Isroil bilan, bir tomondan Xitoyga va Pokistonga, ikkinçi tomondan, islom va musulmonlarga qarşi hamkorlikni kuçaytiriş uçun qulay mafkuraviy motiv paydo böldi. Yoki paydo qilindi. Ya’ni Kaşmir atrofidagi ziddiyatlarda ham Pokistondan bölayotgan real tahdid emas, içki siyosiy va mintaqaviy geosiyosiy motivlar ustunlik qilayotgandek.
Dunyoda uruşlar standartlaşib ulgurdi. Qolaversa, dunyoda kuçlar nisbati özgaryapti. Kuçlar nisbati bir-biriga yaqinlaşganda, yoki oldingi eng qudratli davlatning monopoliyasi yöqolganda, u yoki bu tomon doim yangi konsensus yaratişga yoki eski konsensusni tiklaşga uringan. Bu – katta uruşlar degani. Mana şu fonda biz uçun ahamiyatlisi – Markaziy Osiyo davlatlarining, turkiy dunyoning strategik hamkorligi, birligi va jipsligi hisoblanadi. Özaro harbiy yordam va umumiy mudofaa masalalari ham şular jumlasidan.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatşunos












