BBC tomonlar bir necha oy davomida ishlab chiqqan va Ukrainani tiklash uchun investitsiya jamg‘armasi yaratishni nazarda tutuvchi kelishuvning yettita asosiy jihati haqida so‘z yuritdi.

Ukraina pullarni AQShga qaytarishi shart emas

Bungacha AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Vashington uni qo‘llab-quvvatlagani, jumladan, harbiy yordam uchun ajratgan mablag‘larni qaytarishi kerakligini ta’kidlagan edi.

Tramp o‘z bayonotlarida Amerika 350 milliard dollarlik yordam ko‘rsatganini aytgan, biroq ekspertlar va Ukraina rasmiylari bu miqdorni juda yuqori deb hisoblaydi. Amerikaning nufuzli Xalqaro aloqalar bo‘yicha tahliliy kengashi (Council on Foreign Relations) keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Amerikaning Ukrainaga ko‘rsatgan umumiy yordamini 175 milliard dollarga baholagan.

Vashington tomonidan ko‘rsatilgan ko‘mak hajmi qanday bo‘lganidan qat’i nazar, ular tuzilgan shartnomada hisobga olinmaydi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShning oldingi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati yordamni beg‘araz asosda ajratgani, shuning uchun uni qarz deb bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Vashingtonda imzolangan hujjatga ko‘ra, AQSh bu masalada yon bergan. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal kelishuvda uning mamlakati qarzni qaytarishi kerakligi nazarda tutilmaganini aytdi.

Trampning o‘zi shartnomani o‘z mamlakati uchun foydali deb ko‘rsatishga urinib, uning mamlakati «nazariy jihatdan o‘zidan oldingi prezident Ukrainaga bergan milliardlardan ancha ko‘proq pulni qaytarib olishi»ni aytdi.

Vashington Rossiyaga nisbatan ritorikani yaqqol kuchaytirdi

Amerika rasmiylari Ukraina bilan tuzilgan bitimni e’lon qilganida, bayonot ohangi Rossiyaga nisbatan shu vaqtgacha bo‘lganidagiga qaraganda tanqidiy edi.

Trampning elchisi Stiven Uitkoff Vladimir Putin bilan bir necha bor uchrashgan va Rossiya propagandasi tezislarini takrorlagan.

AQSh moliya vazirligi saytida e’lon qilingan press-relizda ushbu shartnoma «Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin AQSh xalqi Ukrainani himoya qilish uchun ko‘rsatgan katta moliyaviy va moddiy yordamni tan olish uchun» tuzilgani aytilgan.