Oq uy rahbari Eron bilan yadro dasturi bo‘yicha yangi shartnoma tuzishga harakat qilmoqda. G‘arb davlatlari Tehron bu dasturdan yadroviy qurol ishlab chiqarish uchun foydalanayotganidan qo‘rqadi, biroq Eron rasmiylari bu dastur faqat tinch xarakterga ega ekanini ta’kidlamoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
«Siz bugun Eron haqidagi yangiliklarni o‘qigan bo‘lsangiz kerak. U shartlarga rozi bo‘lgan shekilli», dedi Tramp Fors ko‘rfazi bo‘ylab safari doirasida Qatarga tashrifi chog‘ida.
Tramp Eronning qaysi bayonotlarini nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq avvalroq Eron oliy rahbari Ali Xominaiy maslahatchisi Ali Shamxoniy Amerika matbuotiga Tehron yadroviy dastur bo‘yicha jiddiy cheklovlarga rozi bo‘lishga tayyorligini aytgan edi.
Tramp Qo‘shma Shtatlar Eron bilan «uzoq muddatli tinchlik bo‘yicha o‘ta jiddiy muzokaralar olib borayotganini» ta’kidlab, uning yadroviy dasturi muammosini hal qilishning ikki yo‘li borligini qo‘shimcha qildi: «Biri juda, juda yoqimli, ikkinchisi esa zo‘ravonlikni o‘z ichiga oladi. Ammo men ikkinchi yo‘ldan borishni xohlamayman», dedi AQSh prezidenti.
«Biz Eronda yadroviy chang chiqarmaymiz. Menimcha, biz bunday choralarni talab qilmaydigan bitim tuzishga yaqinmiz», dedi AQSh prezidenti.
Shu bilan birga, muzokaralar jarayonidan xabardor eronlik manba Reuters agentligiga tomonlar pozitsiyalarida haligacha hal etilmagan qarama-qarshiliklar mavjudligini aytdi.
11 may kuni O‘monda Eron va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida yadro dasturi bo‘yicha kelishmovchiliklarni hal qilish bo‘yicha muzokaralarning so‘nggi raundi yakunlandi. Rasmiylarga ko‘ra, tomonlar muzokaralarni davom ettirishni rejalashtirmoqda, chunki Tehron ochiqchasiga uranni boyitishda davom etishini ta’kidlayapti.
Uranni boyitish muammosi
Tehron ham, Vashington ham Eron yadro dasturi bo‘yicha o‘nlab yillar davom etgan bahsni hal qilish uchun diplomatik yo‘lni afzal ko‘rishini aytgan bo‘lsa-da, asosiy masalalarda kelishmovchilik saqlanib qolmoqda.
Amerika rasmiylari Eron uranni boyitishni to‘xtatishi kerakligini ochiqchasiga aytgan. Ammo Tehron o‘z hududida uranni boyitish huquqiga ega va undan voz kechmasligini ma’lum qilgan.
XAEA ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil mart oyi holatiga ko‘ra, Eronda 60 foizgacha boyitilgan 275 kilogrammga yaqin uran to‘plangan. Nazariy jihatdan, agar Eron uranni 90 foizgacha boyitishda davom etsa, bu miqdor 5-6 ta yadro kallaklari uchun yetarli.















