Toshkent va Samarqanddagi temiryo‘l kassalari va vokzallarida infokioskalar joriy etilmoqda. Xo‘sh, bu foydalanuvchilarga qanday qulayliklar yaratadi?

Infokioskalar yo‘lovchilarga chiptalarni tez va navbatsiz xarid qilish, poyezd jadvali haqida ma’lumot olish va to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Ularni ishga tushirishdan maqsad infratuzilmaning raqamlashtirilishini ta’minlashdan iborat.

Infokioskalar orqali yo‘lovchilar poyezd jadvalini ko‘rish, marshrut tanlash, joy mavjudligini tekshirish va chipta xarid qilish kabi xizmatlardan foydalanishlari mumkin. Buning asosiy afzalligi shundaki, yo‘lovchilar bank kartalari, shu jumladan UzCard, HUMO va Visa orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoni bor.

Bu to‘lov tizimi nafaqat mahalliy yo‘lovchilar, balki xorijiy turistlar uchun ham qulaylik yaratadi, chunki xalqaro to‘lov kartalaridan foydalanish mumkin.

Infokioskalar joriy etilishi nafaqat raqamli to‘lov tizimlarini ishga tushiradi, balki aholining naqd puldan cheklangan holda foydalanishga o‘rganishiga yordam beradi. Bu jarayon mamlakatda raqamli moliyaviy savodxonlikni oshirishga va naqd pulsiz to‘lov madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.

Infokioskalarda bir necha tildagi interfeys mavjud. Bu xorijiy sayyohlarga chipta xarid qilishda qiyinchiliklarsiz harakat qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, xalqaro bank kartalarini qabul qilish turistlar uchun yana bir muhim qulaylikdir, chunki ular valuta almashtirishga ehtiyoj sezmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri chipta xarid qilish mumkin.

Hozirda infokioskalar Toshkent shahrining Shimoliy va Janubiy vokzallarida, shuningdek, Samarqand vokzallarida faol ishlamoqda. Yaqin kelajakda esa ularni respublikadagi barcha vokzallarga joriy etish rejalashtirilgan.

Albatta bu jarayonda quri lmalarni joriy etishda ba’zi muammolar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, keksa yoshdagilar infokioskalardan foydalanishda qiynalishlari mumkin. Bu muammolarni bartaraf etish uchun vokzallarda maslahatchi xodimlar yordami yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, infokioskalardan foydalanishda navbatlar kuzatilmasligi uchun vokzallardagi aholi oqimi tahlil qilinadi va ehtiyojga qarab qo‘shimcha infokioskalar o‘rnatiladi.