Namanganlik Jamshidbek Izzatullayev hozir 19 yoshda. 2025 yil boshida u AQShning Vanderbilt universitetidan to‘liq grant yutdi. Mazkur OTM endi uning 4 yillik o‘qish xarajatlarini qoplash uchun 372 ming dollar mablag‘ ajratadi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Jamshidbek universitetni to‘g‘ri tanlash, hujjat topshirish jarayonlari hamda inson miyasi ishlashini erta yoshdan o‘rganish orqali qanday natijalarga erishish mumkinligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Jamshidbek Izzatullayev Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 58-ixtisoslashtirilgan maktabda ta’lim olgan. 9-sinfni tamomlab, o‘qishini poytaxtga ko‘chirgan. Viloyatdagi o‘quv muassasasida undan boshqa hech kimda 7,5 balli IELTS sertifikati yo‘qligi sabab u o‘zini atrofdagilardan bilimdonroq deb hisoblagan. Toshkentga kelib yuqori salohiyatli tengdoshlarini ko‘rganidan keyin til o‘rganish bilan birga bazaviy fanlar bo‘yicha qo‘shimcha bilimlarni ham o‘zlashtirmaganidan afsuslangan. Raqobatbardosh muhit o‘smirga o‘zining komfort zonasidan chiqib, yanada ko‘proq izlanish uchun turtki bo‘lgan.

Poytaxtdagi maktabning menga bergan eng katta foydasi faqatgina sifatli darslik va malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlagani emas, balki eng bilimli yoshlarni bir joyga to‘plaganida bo‘ldi. Ushbu ta’lim dargohida IELTS’dan 8-8,5 ball olganlar, 3-4 tadan tilni biladiganlar, fizika, biologiya kabi fanlardan xalqaro olimpiadalar g‘olibi bo‘lganlar bor ekan. Ularning natijalari oldida mening ko‘rsatkichlarim juda kichikdek tuyula boshladi, ayni shu sabab katta, yangi maqsadlar qo‘ydim va o‘z ustimda kuchliroq ishlaydim”, – deydi u.

2023 yilda maktabni tamomlagan Jamshidbek 2 yil davomida top oliygohga o‘qishga kirish uchun tayyorlanadi. Bu jarayonda unga eng qiyin kechgan bosqich SAT’dan yuqori ball olish bo‘lgan. U imtihonni 8 marta qayta topshirib, eng yuqori ballarning jamlanishi (superscore) hisobida 1520 ball to‘playdi.

SAT ko‘rsatkichlarimni yaxshilaguncha 3 yilga yaqin vaqtim ketdi. Birinchi marta imtihondan 1370 ball olgan bo‘lsam, sakkinchisidan keyin umumiy ballim 1520 ga ko‘tarildi. Yuqori natija ko‘rsata olmaganligimning asosiy sababi ko‘p kitob o‘qimaganligimda. SAT – oddiygina bilim testi emas, u sizning tahliliy fikrlash qobiliyatingizni sinaydi. Aynan Reading bo‘limidagi savollarga javob topish uchun lug‘at boyligi bilan bir qatorda kontekstni anglash, muhim fikrlarni ajratish, muallif pozitsiyasini tushunish talab etiladi. Bunday malaka esa faqat ko‘p o‘qish orqali shakllanadi”,