O‘zbekiston Markaziy banki 30 maydan boshlab xorijiy valutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgiladi. AQSh dollari kursi kunlik savdolar yakuniga ko‘ra yana 62,8 so‘mga o‘z qiymatini yo‘qotdi.
Umuman olganda, dollar kursi ketma-ket uchinchi savdo kuni so‘mga nisbatan pasayib, deyarli 172 so‘mga (1,3 foiz) — 12 939,9 so‘mdan 12 768,2 so‘mga arzonlashdi. Bu – 2024 yilning 4 oktyabridan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.
Yil boshidan buyon milliy valuta AQSh valutasiga nisbatan 1,05 foizga mustahkamlandi. Taqqoslash uchun, 2024 yilning yanvar-may oylarida so‘m 2,5 foizga qadrsizlangan edi.
Kun davomida to‘rtta bankda Amerika valutasini 12 835 so‘mdan sotib olish mumkin bo‘ldi. Bu – bir kun oldingi banklardagi minimal sotuv kursidan 55 so‘mga arzon.
So‘m nega mustahkamlanyapti?
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev so‘m kursining ayni kunlardagi mustahkamlanishiga ta’sir qilayotgan ehtimoliy omillarni sanab o‘tdi.
Global tendensiyalar. Tramp AQShda prezident sifatida ish boshlagandan keyin global iqtisodiy barqarorlik bo‘yicha noaniqliklar kuchaydi. Xususan, bir necha bor e’lon qilingan va vaqtincha to‘xtatilgan savdo urushlari, Rossiya–Ukraina mojarosida Rossiya tomonining qo‘llab-quvvatlanilishi (so‘nggi kunlarda bu trend orqaga ketayotgandek) va boshqa ko‘plab noaniqlik yuzaga keldi. Natijada investorlarning AQSh iqtisodiyoti bo‘yicha kutilmalari yomonlashdi. Bu esa fond bozorlari hamda valuta bozoriga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Xususan, yil boshidan buyon (o‘rtacha emas) dollar indeksi 9 foizdan ko‘proqqa qadrini yo‘qotdi. Ya’ni so‘nggi 4-5 oydagi global tendensiyalardan ko‘rish mumkinki, dollarning umumiy qadrsizlanish tendensiyasi kuzatilyapti.
Oltin narxi, tashqi savdo, zaxiralar. Global noaniqliklar sharoitida oltin narxining keskin o‘sishi kuzatildi. Xususan, o‘tgan yilning dekabri bilan taqqoslaganda oltin narxi 24 foizga oshgan. O‘zbekiston esa yirik oltin eksportyori hamda zaxiralarida oltinning o‘rni judayam katta hisoblanadi.
Jumladan, oltin narxi o‘sishi fonidan O‘zbekiston zaxiralar hajmi yil boshiga nisbatan qariyb 20 foizga o‘sib, 49,2 mlrd dollarga yetdi. Zaxiralarning o‘sishi o‘z-o‘zidan Markaziy bankka valuta bozoriga ta’sir qilish uchun ko‘proq imkoniyat yaratadi.







