Amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli xAI kompaniyasining Grok chatboti Telegram messenjeriga integratsiya qilinadi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.
«Bu yozda Telegram foydalanuvchilari bozordagi eng ilg‘or sun’iy intellekt texnologiyasiga ega bo‘ladilar. Ilon Mask va men 1 yillik hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdik — bu orqali xAI kompaniyasining Grok chatboti milliarddan ortiq foydalanuvchilarimizga taqdim etiladi va barcha Telegram ilovalariga integratsiya qilinadi», deb yozdi Durov.
U o‘z postiga ilova qilgan videoda Grok yordamida messenjerda savollarga javob topish, postlarni tahrirlash, xulosa yasash, avatar va emojilar yaratish mumkinligi ko‘rsatilgan.
«Bu Telegramʼning moliyaviy holatini ham mustahkamlaydi: biz xAI'dan naqd pul va aksiyalar ko‘rinishida 300 million dollar olamiz, shuningdek Telegram orqali sotilgan xAI obunalaridan 50 foiz daromad ko‘ramiz», degan Durov.
Messenjerdagi Grok AI xizmati yozda ishga tushadi, aniq sanasi va obuna narxi qancha bo‘lishini ochiqlamagan.
Pavel Durov, shuningdek, Telegramʼning pullik obunachilari soni 15 milliondan ortganini ma’lum qildi.
«Telegram Premium hozirda 15 milliondan ortiq pulli obunachiga ega. Bu raqam atigi bir yil ichida ikki barobarga oshdi. Premium'ga o‘tganingiz uchun rahmat!» deb yozdi Durov 28 may kuni o‘zining kanalida.
Ma’lumot uchun, Telegram Premium obunasining narxi rasmiy @PremiumBot orqali amalga oshirilganda oyiga 3,99 dollar. To‘lov App Store yoki Play Market orqali amalga oshirilganda esa oyiga 4,99 dollarni tashkil qiladi.
Ushbu obunalar, eng kam narxda hisoblaganda, kompaniyaga oyiga 59 mln dollardan ko‘proq daromad olib kelmoqda.
Telegram Premium 2022 yil 19 iyun kuni rasmiy ravishda ishga tushirildi. Premium obuna orqali foydalanuvchilar kattaroq hajmdagi fayllarni yuborish, tezroq yuklab olish, reklamalarsiz interfeys, ovozli xabarlarni matnga aylantirish va tarjima kabi ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Shuningdek, messenjerdan bepul foydalanuvchilarda ham avvalgi funksiyalar saqlanib qolgan.

















