Ukraina dronlari yakshanba kuni Rossiyadagi bir nechta harbiy aerodromlarga zarba berdi. BBC Ukraina xizmatining Ukraina xavfsizlik kuchlaridagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqini davridagi eng yirik hujum natijasida 40 dan ortiq samolyot, jumladan, A-50, Tu-95 va Tu-22 M3 samolyotlari aniq nishonga olingan. Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaning Rossiya harbiy aerodromlariga hujumini tasdiqladi va «bir nechta aviatsiya texnikasi» yonib ketganini ma’lum qildi.

Rossiya harbiy idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning beshta regioni – Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amurdagi harbiy aerodromlar dronlar hujumiga uchragan.

Rossiya mudofaa vazirligi bu zarbalarni «Kiyev rejimi tomonidan amalga oshirilgan terakt» deb atadi.

Idora xabarida Ivanovo, Ryazan va Amur oblastlaridagi harbiy aerodromlarda barcha hujumlar qaytarilgani iddao qilingan.

Irkutsk va Murmansk oblastlaridagi harbiy aerodromlarda FPV-dronlari hujumidan so‘ng bir nechta aviatsiya texnikasi yonib ketdi, deya ma’lum qildi Rossiya mudofaa vazirligi shikastlangan samolyotlar soniga aniqlik kiritmasdan.

«Yong‘inlar bartaraf etildi. Harbiy xizmatchilar va tinch aholi orasida qurbonlar yo‘q», – deya ma’lum qildi harbiy idora va hujumning ayrim ishtirokchilari qo‘lga olinganini qo‘shimcha qildi.

Ukraina xavfsizlik kuchlari Rossiya aviatsiyasi yo‘qotishlari haqida

Ukraina xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina dronlarining Rossiya aviabazalariga hujumi natijasida strategik qanotli raketa tashuvchilarning 34 foizi zarar ko‘rgan.

«7 mlrd AQSh dollari. Bugun UXXning „O‘rgimchak to‘ri“ maxsus operatsiyasi natijasida zarbaga uchragan dushman strategik aviatsiyasining taxminiy qiymati shunday», – deyiladi UXX telegram-kanalida.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, dronlar Rossiya hududidan uchirilgan – ular yuk mashinalaridan uchib chiqqan. UXXdagi manbaning yozishicha, «Olenya» (Murmansk oblasti), «Belaya» (Irkutsk oblasti), «Ivanovo» (Ivanovo oblasti) va «Dyagilevo» (Ryazan oblasti) aviabazalari hujumga uchragan.

Internetda Malyukning «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi sxemasi bilan birga tushgan surati tarqalgan.