Jurnalist Şokir Şaripov yaqinda bölib ötgan “Markaziy Osiyo – 2050: barqarorlik va umumiy farovonlik sari yöl” mavzusidagi birinçi mintaqaviy forsayt-seminaridagi iştirokidan keyingi taassurot va hislari bilan bölişadi.

Vatan tuyğusini tuşuntiriş qiyin – tuşuntirişdan yuqoriroq turadigan, kelib çiqiş nuqtasi mutlaqo sirli his u. Balki qaçonlardir insoniyat kosmosga çiqadi-yu, uning sirini uzoq galaktikadan topib oladi...

“Markaziy Osiyo” deb aytayotganimiz zaminda asrlar davomida töqilgan köpmillatli “mato” – unikal madaniy marvarid – özimizning-da anglovimizga muhtoj. Ajib çolğuning torlari bölib kelgan millat-u elatlar yaratgan kuy asrlar oşa çor-atrofga taralib kelgan, bebaho kaşfiyotlarga omil bölgan.

Bemisl naqşli bu “mato” boşqa heç qaçon asliga qaytmasligi uçun bölaklarga yirtildi. Yurtni qayçilaganlarga bu simfoniya aslo kerakmasdi.

Köplab millatlar millat ekanini-da anglamay, qöşilib-aralaşib, yonma-yon yaşab kelgan yurt bu. Birmillatli ölkalardan farqli, uning zamirida öşa – hozirda “tolerantlik” deb atalmiş matohning asli mujassam edi.

Kim bilsin, balki aynan şunga hasad qilaroq u – zaminimiz – çavaqlab taşlandi, millat ajratiş nimaligini bilmagan elga “sen falon millatsan” deb, keng dunyosi toraytirildi, katta qalbi kiçraytirildi.

Kuni keça bir tadbirda qatnaşdim. Beş millat vakillari yiğilib, Markaziy Osiyo 2050 yilgaça qanday özgarişi mumkinligi, aniqroği, hamkorlig-u islohotlar yölida kerakli işlar qilinsa, bizni qay kelajak qarşi oladi-yu, qilinmasa nima böladi – şular haqida fikr yuritdik.

Tört guruhga bölindik, tört soha böyiça kelajak rejalari ustida işlaş uçun. Men “suv va iqlim” guruhiga qöşildim. Özgarib borayotgan iqlim, kamayib borayotgan suv şaroitida nima qiliş lozimligi borasida davlat rahbarlari uçraşadigan kuni ularning oldiga qöyiladigan takliflarni tuzdik. Bizdan boşqa uç guruh ham öz takliflarini tuzdi. Keyin yiğilib, barça tört guruhning takliflari asosida umum takliflarni jamladik.

Endi muddaoga ötaman. Seminar oxirida yakuniy sözni aytiş söraldi. Men tadbir davomida qalbimda hosil bölgan his haqida aytgim keldi, mikrofonni olib: “Men özimni köpdan beri körmagan qarindoşlarimni körib turgandek his qilyapman”, dedim. Bu mubolağa emas, bor gap edi, men beş xalq vakillari içida turib, ularni yagona oiladek yaqqol his qildim, özimni bu oila a’zosi deb his qildim.