O‘zbekiston prezidenti huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Ishonch.uz saytiga intervyu berdi. Sobiq tashqi ishlar vaziri intervyuda O‘zbekistonning «Tolibon» bilan aloqalari, ularning hukumatini tan olish masalasiga ham to‘xtaldi.

«Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Bobur, Mashrab kabi ulug‘ ajdodlarimizning barchasi Afg‘oniston zaminida dafn etilgan. Afg‘oniston va O‘zbekiston xalqi azaldan bir biriga juda yaqin bo‘lgan. Yaqinda Afg‘oniston hukumati Imom Buxoriy majmuasi uchun 16 ta yuk mashinasida Hirotdan oq marmar olib kelib sovg‘a qildi. Yana qaysi davlat shunday qilyapti?

Afg‘oniston tarixi juda og‘ir tarix, xalqi jafokash, lekin qahramon xalq. 18-19-asrlarda Britaniya imperiyasi keldi, 20-asrda Sovet ittifoqi bordi, 21-asrda NATO bordi. Bular hammasi keladi, tinchgina yurgan bir davlatni vayron qilib ketadi. Mana, endi afg‘on xalqidan talab qilishyapti: «sizlar mana shunaqa davlat tuzishinglar kerak, yangi hukumat tarkibi shunaqa bo‘lishi kerak, ichki siyosatlaring mana shundan iborat bo‘lishi kerak». Albatta, bunaqa aql o‘rgatish oson. Lekin 40 yildan ko‘proq boshi urushdan chiqmagan xalqqa yordam berish kerak. Shuning uchun prezidentimiz Afg‘oniston bilan qaysi tamoyil asosida aloqalar rivojlanishi kerakligini tushuntirib berdi.

Birinchidan, muloqot va hamkorlik. Prezidentimizning mana shu topshiriqlariga binoan uzoq muddatli siyosatni tashkil qildik. Bizga ko‘p marta eski zamonda aytardi: «Ogoh bo‘linglar. Afg‘onistonda baribir katta o‘zgarishlar bo‘ladi yaqinda. Bunga biz tayyor bo‘lishimiz kerak», deb. Nega deganda ichki vaziyat juda og‘ir edi. O‘sha eski hukumat (Ashraf G‘ani hukumati nazarda tutilmoqda – tahr.) qo‘lidan hech narsa kelmagan edi, budjetining 70 foizi chetdan kelgan, atigi 30-40 foiz hududini nazorat qilardi.

Mana shunda prezidentimiz o‘zi o‘sha sobiq rahbariyatga «muxolifat bilan muloqot qilinglar, kelishinglar biz yordam beramiz», deya taklif bergandi. Bunaqa bo‘lmadi. Keyin aytdilarki, bo‘lmasa biz boshqa – o‘zimizning yo‘limizni topib tayyorgarlik ko‘ramiz.

Toliblarni bu yerga taklif qilib, ular bilan aloqalarni o‘rnatib juda to‘g‘ri qilgan ekanmiz. Mana, «Tolibon» [hokimiyatga] keldi, biz hammasini taniymiz, hammasi bilan muloqotda biz. Oldin biz ular bilan muloqot qilganimizda, bizga katta davlatlar «sizlar nima qilyapsizlar terroristlar bilan aloqa o‘rnatib», deyishardi. Endi bular kelganda ko‘pincha hozir bizga murojaat qilyapti, sizlarning aloqangiz yaxshi, ular bilan «shu masalalarni hal qilishga» yordam beringlar, deyishyapti», deydi Komilov.