Chorshanba kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati aerodromlarga berilgan zarbalar va ushbu murakkab operatsiyaning alohida bosqichlari aks etgan yangi yorqin videolavhalarni e’lon qildi.
Uning misli ko‘rilmagan muvaffaqiyati haqida sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar ham guvohlik beradi, ularda Olenya, Ivanovo, Dyagilevo va Belaya aviabazalaridagi uchish-qo‘nish yo‘laklari yaqinida yonib ketgan samolyotlarning izlari aks etgan.
Ukrainalik kuzatuvchilar uchun bir yarim yil davomida tayyorlangan operatsiya mo‘jizadek ko‘rinadi.
«Buni tariximizdagi eng yorqin operatsiyalardan biri deb hisoblash mumkin. Biz kuchli bo‘lishimiz, ijodkor bo‘lishimiz va dushmanlarimiz qanchalik uzoqda bo‘lishidan qat’i nazar, ularni yo‘q qilishimiz mumkinligini ko‘rsatdik», – dedi DeepState harbiy tahlilchilar guruhi asoschisi Roman Pogoreliy BBC muxbiriga.

Foto: Planet Labs/Reuters
Qayd etish kerakki, yakshanba kunidan beri havo bazalariga berilgan zarbalar haqidagi deyarli barcha batafsil ma’lumotlar hujum tashkilotchisi – Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan e’lon qilindi.
Muvaffaqiyatdan ruhlangan Ukraina maxsus xizmati operatsiyani eng yaxshi ko‘rinishda taqdim etishga harakat qilmoqda. Uning axborot kampaniyasiga Kreml o‘z aerodromlariga uyushtirilgan hujum haqida deyarli sukut saqlayotgani ham yordam berdi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy chorshanba kuni Ukraina xavfsizlik xizmatining operatsiyada ishtirok etgan xodimlarini taqdirlagandan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda Rossiyaning 41 ta samolyoti shikastlangani yoki yo‘q qilingani haqidagi bayonotni takrorladi.
«Ularning yarmi qayta tiklanmaydi. Ba’zilarini ta’mirlash uchun yillar kerak bo‘ladi, agar ularni qayta tiklash mumkin bo‘lsa», – dedi u.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, agar o‘t ochishni to‘xtatish rejimi e’lon qilinganida, «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi amalga oshirilmagan bo‘lardi.
Samolyotlar parvozga shay turishgan
Aerodromlarga berilgan zarbalarning bir qator asosiy tafsilotlari UXX tomonidan chiqarilgan to‘rt daqiqalik video lavhalar kompilyatsiyasida ko‘rsatilgan. Ular hujumda ishtirok etgan ba’zi dronlarning kameralari tomonidan suratga olingan.





















