AQSh bir necha soat oldin Isroil shu vaqtgacha zarba bera olmagan Eronning yadro obektlari joylashgani aytilgan Fordo zavodiga B-2 samolyotlari zarba berdi. Bu bilan amalda amerikaliklar isroilliklarning hujumlariga qo‘shildi. Prezident Donald Trampning ushbu qarori AQSh qonunchilari orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim Senatorlar Trampning qarorini AQSh Konstitutsiyasiga zid, deb atadi.

AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, urush e’lon qilish va harbiy harakatlarga ruxsat berish vakolati qonunchilarga tegishli. Biroq Tramp Eronni nishonga olishdan avval Kongressdan ruxsat olmadi.

Al-Jazeera nashrining yozishicha, Senat va Vakillar palatasida har ikki partiyadan qonunchilar Trampni Eronning yadroviy obektlariga hujum qilishdan oldin Kongressga murojaat qilishga majbur qiluvchi qonun loyihalarini ilgari surgandi. Ammo Tramp bu tashabbus bo‘yicha ovoz berilishidan oldin zarbani amalga oshirdi.

Kongress tomonidan ruxsat olinganining yo‘qligi AQSh siyosatida muhim bahs mavzusiga aylandi.

Trampning Kongress ruxsatisiz Eron urushiga qo‘shilish imkoniyatini cheklashga qaratilgan qonunchilik tashabbusiga boshchilik qilayotgan respublikachi Tomas Massi bu zarbalarni AQSh Konstitutsiyasining buzilishi deb atadi. Unga ko‘ra, urushga oid qarorlarni faqat qonunchilar qabul qilish huquqiga ega.

Senator Berni Sanders Oklaxoma shtatidagi tadbirda Eron bo‘yicha AQSh hujumlari haqida odamlarni xabardor qilar ekan, bu harakatni «konstitutsiyaga mutlaqo zid» deb atadi.

«Sizlarning bilishingiz kerakki, faqat AQSh Kongressi mamlakatni urushga olib kirish huquqiga ega. Prezidentda bunday huquq yo‘q,»