Termiz shahriga snaryad otishda qatnashgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 1978 yilda tug‘ilgan Obid Saparov 2013 yil 11 iyunda ishlash maqsadida Rossiyaning Ufa shahriga borgan. U hududdagi qurilish obektlarida ishlagan. Bu davrda u “Jihodchilar” diniy ekstremistik tashkilotining Ufa shahri jamoati mas’ullaridan birining ta’siriga tushib qolgan.
Obid Saparov Ufa shahrida ijaraga olingan xonadonlarning birida “Turkiston islom harakati” xalqaro terroristik tashkilotining “Jundulloh” targ‘ibot studiyasida tayyorlangan audio va video materiallarni eshitib kelgan. Ushbu materiallarda Tohir Yo‘ldoshevning har bir musulmon hijrat qilishi farz ekani, arab diyorlariga borib kofirlarga qarshi “jihodiy” harakatlarda ishtirok etgan holda “shahidlik” maqomiga erishish kerakligi, shariat qoidalarini hayotga tatbiq qilish uchun Afg‘oniston va Pokiston hududida joylashgan maxsus harbiy muhojirlik lagerlariga chiqish lozimligi to‘g‘risidagi da’vatlari yozilgandi.
Obid Saparov dastlabki tergovda alohida ish yurituvga ajratilgan shaxslar bilan birgalikda “Turkiston islom harakati” safiga qo‘shilish maqsadida 2013 yilda yo‘lovchi avtobusda Ozarboyjondan Eronning Zohidon shahriga, 2014 yil mart oyida esa Afg‘oniston orqali Pokistonning Vaziriston mintaqasi Mirali shahriga o‘tgan. U xalqaro terroristik tashkilot safida o‘ziga “Xabbob” taxallusini olgan. Obid Saparov diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlarda ishtirok etganligi aniqlangan.
Obid Saparov 2014 yil iyunda Pokistonning Shovol tog‘li hududida “Turkiston islom harakati”ga tegishli jangarilar tayyorlash harbiy dala lagerida “Usoma” va “Luqmon” taxallusli harbiy instruktorlar rahbarligida jang olib borish amaliy mahorati va ko‘nikmalarini egallagan. U qurol-yarog‘ va portlatish qurilmalari bilan muomala qilish usullarini o‘rgangan.
Bundan tashqari, Saparov 2013-2015 yillarda Pokiston va Afg‘oniston hududida “Turkiston islom harakati”ning moddiy ta’minoti ostida bo‘lgan lagerlarda istiqomat qilib, terroristik tashkilotning “Ta’minot” markazida faoliyat olib borgan. Shundan so‘ng, 2016 yil boshida “Turkiston islom harakati” turli guruhlarga bo‘linib, o‘z faoliyatini to‘xtatgach, Obid Saparov Afg‘onistondagi “Islom davlati” xalqaro terroristik tashkilotining “Islom davlati Xuroson viloyati” tarmog‘iga qo‘shilgan. 2016-2024 yillarda mazkur terroristik tashkilotning moddiy ta’minoti ostida Afg‘oniston va Pokistonning turli hududlarida istiqomat qilgan. U dastlab “ansorlik”, ya’ni xalqaro terroristik tashkilot safiga yangi qo‘shilganlarni kutib olib, uy-joy bilan ta’minlash vazifasida, keyinchalik esa media markazida faoliyat olib borgan.
Xususan, Obid Saparov media markazdagi faoliyati davomida terroristik tashkilotning Telegram kanalidagi radio eshittirishlarida chiqishlar qilgan. U o‘z chiqishlarida O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga ochiqdan-ochiq da’vat qilgan.







