Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq, Piskent va Ohangaron tumanlariga reja-grafik asosida 5 kundan suv berilyapti. Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan ohangaronlik fermerlarga ko‘ra, muammo 5 kunlik navbatda emas, balki kanal bo‘ylab ochib olingan 21 ta noqonuniy quloqlarda. Shu sababli, yer maydoni kanal oxirida joylashgan o‘nlab fermerlarga suv yetib bormayapti. Kanal esa tozalanmagan.
Toshkent viloyati Ohangaron tumanining bir guruh fermerlari suv taqchilligi muammosi bilan yuzlashgan. Tuman hududidan oqib o‘tadigan Yalpoqtepa kanali to‘sib qo‘yilgan. Besh kunlik navbat ortidan dehqonchilik orqaga ketgan. Qoraxitoy mahallasi sobiq raisi Qo‘chqor Po‘latovning aytishicha, 45 yil deganda birinchi marta navbat paydo bo‘ldi.
«Bu kanalimiz 1980-yillarda barpo etilgan. Avval unga 9 kub suv ketardi. Hozirgi dolzarb paytda kanalimizdan navbat qilib, besh kun u zona ishlatadi, besh kun bu zona ishlatadi. Fermerlarimizning dehqonchiligi butunlay orqaga ketdi. Tsement zavodi orqasida katta yerlar bor, mana fermerlarning o‘zlari ham turibdi. Ularga reja hisoblanadi. Suv bo‘lmagandan keyin reja qayerdan bo‘ladi? Mana 3 kun bo‘ldi o‘chganiga», – deya vaziyat haqida aytadi u.

Po‘latovning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda 3 kub suv berilgan. U fermerlarga yetib bormagan. «Men 2025 yil 14 yanvar kuni Ohangaron tuman hokimiga kanalning ahvolini ko‘rsatdim. Lekin undan keyin hech kim qiziqmadi. Fermerlarimizga juda og‘ir, chilla kirdi, dalalar suv ichmasa ular rejani qanday bajaradi?
Fermerlarimizga suv uch kunda yetib boradi. Kanalni tozalasa, suv hammaga yetgan bo‘lardi. Undan 20 ming aholi foydalanadi. Bu ariqdan bu ariqqa suv olaversak, faqat ariq sug‘oramiz, yo dehqon bo‘lmaydi, yo unisi», – deydi Qo‘chqor Po‘latov.
Fuqarolarning aytishicha, uzunligi 32 km bo‘lgan kanal oxirgi marta 2015 yilda tozalangan. Kanalning hozirgi holati chindan ham og‘ir, hamma xohlaganicha suv yo‘lini to‘sib olgan.

Shaxsini sir tutishni so‘ragan fuqaroga ko‘ra, suvchilarning o‘zi odamlarga noqonuniy quloqlar ochib beryapti. Natijada fermerlarning 750-800 gektar yeriga suv bormayapti.












