Jahon | 15:03 / 01.07.2025
1866
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada biometrik ma’lumotlarini topshirmagan migrantlar mobil aloqadan mahrum qilinadi

Mobil aloqani o‘chirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi: dastlab, xalqaro va shaharlararo qo‘ng‘iroqlar bloklanadi va internet tezligi pasayadi, 30 kundan keyin esa aloqa butunlay uziladi.

Foto: Vsevolod Kleshchev / Abzats

2025 yil 1 iyulidan boshlab, Rossiya Yagona biometrik tizimida (YeBS) ro‘yxatdan o‘tmagan xorijlik fuqarolar uchun mobil aloqani bosqichma-bosqich o‘chirish boshlanadi. Bu haqda Rossiya raqamli rivojlanish vazirligi xabar berdi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, Rossiya SIM-kartalaridan foydalanuvchi barcha xorijliklar biometrik ma’lumotlardan foydalangan holda o‘z shaxsini tasdiqlashi va ularni Davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Raqamli rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2 milliondan ortiq xorijiy fuqarolar allaqachon YeBS orqali ro‘yxatdan o‘tgan va yangi qoidalar bo‘yicha shartnomani qayta rasmiylashtirgan.

2025 yil 1 yanvardan boshlab, xorijliklar faqat biometrik ma’lumotlarni topshirib, SNILS rasmiylashtirib, «Gosuslugi» tizimida akkaunt ochganidan so‘ng aloqa operatorlari bilan shartnoma tuzishi mumkin. Bir kishiga ko‘pi bilan 10 ta SIM-kartani ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilgan. Ilgari ro‘yxatdan o‘tgan raqam egalari uchun biometrik ma’lumotlarni topshirish muddati 1 iyulda tugaydi.

Mobil aloqani o‘chirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi:

- uch oydan ortiq vaqt davomida faol bo‘lmagan raqamlar darhol o‘chiriladi;

- faol raqamlar uchun avval xalqaro va shaharlararo qo‘ng‘iroqlar bloklanadi va internet tezligi pasayadi, 30 kundan keyin esa abonent shartnomani uzaytirishga ulgurmasa, aloqa butunlay uziladi.

Shartnomani yangilash uchun Rossiyada bo‘lgan chet elliklar «Gosuslugi» orqali o‘z nomiga rasmiylashtirilgan raqamlar sonini «Sim-karty» bo‘limi orqali tekshirishi kerak. Ortiqcha raqamlar bo‘yicha shartnomani bekor qilish talab etiladi. Qolgan raqamlar uchun aloqa saloniga murojaat qilish va YeBS biometrik ma’lumotlar orqali shaxsni tasdiqlash lozim.

30 iyundan boshlab Rossiyaga endi kirayotgan xorijliklar uchun raqamli profil amal qilmoqda: endi ular ruID mobil ilovasi orqali kirish arizasini topshirishi va biometrik ma’lumotlarni oldindan ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Chegarada esa profil, jumladan SNILS va «Gosuslugi» akkaunti ham yaratiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid