O‘zbekistonda tadbirkorlik sub’yektining faoliyatida aniqlangan 1,5 mln so‘mlik kamomad uchun soliq organi 5,4 mlrd so‘m jarima qo‘lladi. Bu holat yuzasidan Soliq qo‘mitasi raisiga bevosita jamoatchilik ko‘z o‘ngida qilingan murojaatdan keyin, jarima bekor qilinib, soliqchilarning xatti-harakati tekshirila boshlandi.

Bunday yirik jarima Soliq kodeksining 227-1-moddasi asosida, sut ishlab chiqaruvchi “Lactalis Central Asia” MChJga nisbatan qo‘llangan. Xorijiy kompaniya vakili Doniyor Najmiddinov davlat organlari rahbarlarining biznes hamjamiyat bilan 27 iyun kungi ochiq muloqotida bu haqda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Lactalis'da soliq auditini o‘tkazgan soliqchilar bir nechta omborlarni inventarizatsiyadan o‘tkazib, 1,5 mln so‘mlik qadoqlangan suv kamomadini aniqlagan.

Yillik aylanmamiz 1 trln so‘mdan kam emas. 6-7 ta omborimiz inventarizatsiya bo‘ldi. 1,5 mln so‘mlik kamomad chiqdi, qadoqlangan suv bo‘yicha. Kamomad – 100 dollar atrofida, aylanmamiz esa deyarli 1 trillion so‘m. Soliqchilar 1,5 mln so‘mlik qadoqlangan suv noqonuniy realizatsiya qilingan, [Soliq kodeksining] 223- va 227-moddalari buzilgan, ya’ni markirovka qoidasi buzilgan deb, korxonaga 5,3 mlrd so‘m jarima chiqarishdi. 420 ming dollar. Chet el investori [buni eshitib] shokka tushdi desam, deyarli hech narsa demagan bo‘laman”, – dedi Doniyor Najmiddinov.

Doniyor Najmiddinov / Savdo-sanoat palatasi YouTube kanalidagi jonli efirdan kadr

Bu shikoyatga javoban, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov: “Siz [chet ellik investorga] ayting: jazo hammaga barobar” deya maslahat berdi.

Najmiddinovning aytishicha, hisob-kitoblarda kamomad aniqlansa, buni avtomatik ravishda majburiy raqamli markirovka qoidalarini buzish deb talqin qilish qonunchilikka zid. Avvallari kamomad aniqlangan taqdirda, soliq organi yetishmayotgan tovarni sotilgan deb hisoblab, QQS hisoblab chiqargan. Lekin raqamli markirovka joriy etilganidan keyin, yondashuv o‘zgargan.

Bizga soliqchilarning javobi shunday bo‘ldi: 1 so‘mlik kamomad chiqsa ham, biz sizlarni bir choraklik tushumdan 2 foizi miqdorida jarima qilamiz, deyishdi. Arzimagan 10 ta butilka deb, choraklik tushumimizning 2 foizi miqdorida jarima qo‘yishyapti