Ozarboyjon va Armaniston rahbarlarining Abu-Dabidagi uchrashuvida mamlakatlar o‘rtasidagi mavjud barcha kelishmovchiliklar – tinchlik shartnomasini tuzishga to‘sqinlik qilishdan tortib, ekslav Naxichevon va Ozarboyjonning asosiy hududi o‘rtasida Armaniston hududi orqali yo‘l ochilishigacha bo‘lgan masalalar muhokama qilindi, deb xabar bermoqda Ozarboyjonning APA axborot agentligi.

Muzokaralar to‘rt soatdan ko‘proq davom etdi. Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan muzokaralarni yuzma-yuz, shuningdek, tashqi ishlar vazirlari va maslahatchilari ishtirokida kengaytirilgan formatda o‘tkazdi.

Boku va Moskva kelishmovchiligi, shuningdek, Turkiya va AQShning ikki davlat o‘rtasida tezroq yarashuvni qo‘llab-quvvatlashi muzokaralarga yangi impuls berdi. Uzoq vaqt davomida ikki davlat o‘rtasida vositachi bo‘lib kelgan Rossiya esa jarayondan chetda qoldi.

«Natijalar haqida muayyan bayonotlar berilmagan bo‘lsa-da, ular uchrashib, asosiy masalalarni muhokama qilganining o‘zi muhim qadamdir», – deb yozdi Qorabog‘ mojarosi bo‘yicha mutaxassis Olesya Vartanyan tvitterda.

Ikki tomonning hukumatparast nashrlari uchrashuv mintaqa tarixidagi hal qiluvchi lahza deb baholashdi va tinchlik jarayonini buzishga urinayotgan buzg‘unchi kuchlar (Moskva nazarda tutilmoqda) haqida yozishdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ikki davlat o‘rtasidagi vaziyatni normallashtirishni rasman qo‘llab-quvvatlamoqda.

Har ikki mamlakatda ham munosabatlar normallashtirilishi Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi ishtirokini cheklash imkoniyati sifatida ko‘rilmoqda.

2022 yilda Ukrainaga bosqin boshlanishi ortidan Moskvaning mintaqaga ta’siri zaiflashgan, ammo Boku ham, Yerevan ham Kreml yo‘qotilgan pozitsiyalarni qaytarishga urinishidan xavotirda, ayniqsa Ukraina frontida sulh tuzilgan taqdirda.

Bu tarixiy uchrashuvmi?

BAAdagi uchrashuv Aliyev va Pashinyan o‘rtasidagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bo‘ldi – bungacha ikki yetakchi faqat vositachilar ishtirokida yoki ko‘p tomonlama sammitlar doirasida uchrashgan. Uchrashuv bir necha yillik ishlarning cho‘qqisi hisoblanadi. Bu vaqt mobaynida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari allaqachon tuzilgan, ammo hali imzolanmagan tinchlik shartnomasi ustida ishlagan; chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha ishchi guruhlarga bosh vazir o‘rinbosarlari rahbarlik qiladi; ikki yetakchining maslahatchilari Armen Grigoryan va Hikmet Gadjiyev o‘rtasida ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa kanali mavjud.

Ammo uchrashuv shuni ko‘rsatdiki, Rossiya ta’sir doirasidan chiqib ketish istagining o‘zi davlatlar o‘rtasidagi o‘nlab yillik adovatni va yaqindagina bir-biri bilan urush olib borgan ikki siyosatchi o‘rtasidagi ishonchsizlikni bir zumda bartaraf etish uchun yetarli emas. Pozitsiyalar yaqinlashganiga qaramay, uchrashuvda hech bir masala bo‘yicha oldinga siljish kuzatilmadi – tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkin bo‘lgan joy va sana ham e’lon qilinmadi. Kommunikatsiyalar ochilishi haqida ham muayyan bir gap aytilmadi.