Teri inson tanasidagi eng yirik a’zo hisoblanadi. U organizmni himoya qiluvchi to‘siq, shu bilan birga, haroratni saqlovchi, sezgi uzatuvchi va metabolizmda ishtirok etuvchi murakkab tuzilmadir.

Mazkur organning ustki qatlami (epidermis) har 27–30 kunda to‘liq yangilanadi. Bu tabiiy jarayon sekinlashib yoki buzilib qolmasligi uchun unga to‘g‘ri parvarish zarur. Agar teri yetarlicha tozalanmasa, o‘lik hujayralar yuzada to‘planib, yangilangan hujayralarning chiqishiga to‘sqinlik qiladi. Natijada teri xira, g‘adir-budir va nosog‘lom tusga kiradi.

Bundan tashqari, epidermis yangilanishi uchun organizm ichki tomondan ham kerakli oziq moddalar bilan ta’minlanishi kerak: A,C, E vitaminlari, omega-3 yog‘ kislotalari va suv miqdori yetarlicha bo‘lishi zarur. Ichki muvozanat normada bo‘lmasa, eng qimmat krem ham terini go‘zallashtirishga yordam bera olmaydi.

Quyida terining sog‘lom, yosh va tiniq bo‘lishi uchun ahamiyat qaratilishi joiz bo‘lgan jihatlarga to‘xtalamiz:

To‘g‘ri ovqatlanish

Ovqatlanish odatlari terining holatiga bevosita ta’sir qiladi. Fast-fud, shakarli mahsulotlar va zararli yog‘lar terida yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi, akne, teshiklar kengayishi va sarg‘ayish kabi muammolarga olib keladi.

A,C, E vitaminlariga boy sabzavot va mevalar, omega-3 yog‘ kislotalari hamda sifatli oqsillar teri hujayralarining yangilanish jarayonini tezlashtiradi. Sabzi, ismaloq, apelsin, tuxum, bodom kabi mahsulotlar esa teriga zarur bo‘lgan antioksidantlar, vitaminlar va minerallarni yetkazib beradi. Ayniqsa:

  • A vitamini (sabzi, tuxum sarig‘i, qovoq) terining yangilanishini faollashtiradi;
  • C vitamini (apelsin, kivi, bulg‘or qalampiri) kollagen ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi;
  • E vitamini (bodom, kungaboqar yog‘i) erkin radikallar (tanadagi sog‘lom hujayralarga hujum qiluvchi moddalar)ning zararli ta’siriga qarshi kurashadi;
  • Omega-3 yog‘ kislotalari (losos, zig‘ir urug‘i, yong‘oq) terining yumshoq, silliq va elastik bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Namlik

Teri hamisha namlikka muhtoj. Ko‘pchilik uni namlantirish deganda turli krem va losyonlarni surtishni tushunadi. Aslida terining to‘liq namlanishi tanadagi suv muvozanatiga bog‘liq.