Kuniga qancha suv ichish kerak?

Har bir organizmning suyuqlikka talabi individual bo‘ladi. Bu insonning yoshi, jinsi, jismoniy faolligi, iqlim sharoiti va sog‘lig‘idan kelib chiqib belgilanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti taqdim etgan manbaga ko‘ra, inson kuniga o‘rtacha 1,5–2,5 litr (ya’ni 6–10 stakan) suv iste’mol qilishi lozim.

Ayrim holatlarda tanada suvga bo‘lgan ehtiyoj ortadi. Masalan, issiq iqlimda yashovchilar, sport bilan shug‘ullanuvchilar, homilador va emizikli ayollar, shuningdek, isitma, ich ketishi yoki qusish kabi holatlarni boshdan kechirayotgan kishilar organizmida suv tanqisligi tezda yuzaga kelishi mumkin. Bunday vaziyatlarda tanani suvsizlantirib qo‘ymaslik uchun qo‘shimcha suyuqlik iste’mol qilish zarur.

Tana suvsizlikka tezda reaksiya bildiradi. Chanqash, og‘iz qurishi, bosh aylanishi, holsizlik, siydikning kam va to‘q rangda bo‘lishi degidratsiya (suv yetishmovchiligi) belgilaridir. Bunday alomatlar sezilsa, darhol suv ichib, uni qabul qilish miqdorini oshirish lozim.

Organizm suyuqlikni faqat toza ichimlik suvdan emas, sho‘rva, meva, sabzavotlar orqali ham oladi. Masalan, tarvuz, bodring kabi sabzavot-mevalarda suv miqdori anchagina yuqori bo‘ladi.

Qaysi paytda ichish foydali?

Suvni to‘g‘ri vaqtda ichish organizmga ko‘proq foyda keltiradi. Uni quyidagi vaqtlarda iste’mol qilish tavsiya etiladi:

  • Ertalab, uyg‘onishingiz bilan: tanadagi metabolizm jarayonlarini faollashtirish uchun.
  • Ovqatlanishdan 30 daqiqa oldin: hazm tizimini ishga tushirishga tayyorlash va ishtahani nazorat qilish uchun.
  • Ovqatdan 1 soat keyin: hazm jarayonini yengillashtirish maqsadida.
  • Jismoniy faoliyatdan avval va keyin: organizmdagi suyuqlik muvozanatini tiklash uchun.
  • Har 1–2 soat orasida bir stakan: organizmni nam holda saqlash va og‘iz qurishining oldini olish uchun.

Ayrimlar choy, qahva yoki gazlangan ichimliklar orqali suv o‘rnini to‘ldiraman deb o‘ylaydi. Aslida, bu ichimliklar tanadan suv chiqarilishini tezlashtiradi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, suvni yetarli ichmaydigan insonlar orasida semirish va moddalar almashinuvi bilan bog‘liq muammolar ko‘proq uchraydi.