Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Isroil–Hamas muzokaralaridan chiqdi
AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff hamaschilarni xudbinlikda aybladi va Qatardagi delegatsiya chaqirib olinishini ma’lum qildi.
Foto: Getty Images
AQSh G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishni muddatidan oldin to‘xtatdi va Qatardagi delegatsiyasini maslahatlashuvlar uchun chaqirib oladi. Bu haqda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vositachilarning sa’y-harakatlariga qaramay, Hamas «o‘zaro kelishgan holda harakat qilmayapti va xayrixohlik ko‘rsatmayapti».
«Endi biz garovga olingan isroilliklarni uyiga qaytarish va G‘azo aholisi uchun barqaror muhit yaratishning muqobil variantlarini ko‘rib chiqamiz», dedi Uitkoff.
U Hamas «bunday xudbinlarcha yo‘l tutganidan» afsusda ekanini bildirdi. Uitkoffning qo‘shimcha qilishicha, AQSh mojaro tugashi va G‘azoda doimiy tinchlik o‘rnatilishiga erishish uchun «qat’iyatga to‘la».
Associated Press nashrining ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati bir necha oydan beri Isroil va Hamas o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda muvaffaqiyatga erisha olmayapti. So‘nggi haftalarda tomonlar Qatarda muzokaralar olib borgan edi, biroq sezilarli natijalarga erishilmagan.
Muhokama qilinayotgan reja 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni nazarda tutadi, bunda Hamas garovdagi 10 nafar isroillikni ozod qiladi va Isroil qamoqxonalaridagi falastinliklarni ozod qilish evaziga yana 18 kishining jasadini topshiradi. Bundan tashqari, gumanitar yordamni ko‘paytirish va uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar rejalashtirilgan.
Muzokaralar tomonlarning jangovar harakatlarni yakunlash bo‘yicha turli talablari tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, deb qayd etdi AP. Hamas garovga olinganlarni ozod qilish evaziga Isroil qo‘shinlarini G‘azo sektoridan to‘liq olib chiqib ketilishini talab qilmoqda. Agentlikning yozishicha, Isroil o‘z navbatida hamaschilarning hokimiyatdan voz kechishi va qurolsizlanishini talab qilmoqda.
Mavzuga oid
18:06 / 10.01.2026
Venesuela va AQSh diplomatik munosabatlarni tiklamoqchi
16:59 / 10.01.2026
Ishinger: Rossiya yevropaliklar bilan emas, AQSh bilan muzokaraga qiziqyapti
14:26 / 10.01.2026
AQSh Rossiyaning “soya floti”ga tegishli beshinchi tankerni qo‘lga oldi
09:04 / 10.01.2026