Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov aholi va soha xodimlarni tibbiyotdagi korrupsiya, byurokratiya va manfaatlar to‘qnashuviga qarshi keskin kurashda faol ishtirok etishga chaqirdi. SSV matbuot xizmati vazirning murojaatini e’lon qilgan.
«Korrupsiya – davlat va jamiyat uchun jiddiy xavf. Shu bois, yurtimizda barcha sohalar qatori sog‘liqni saqlash tizimida ham bu illatga qarshi keskin va murosasiz kurashish, turli byurokratik hamda inson omili bilan bog‘liq holatlarga barham berishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.
Albatta, jamoatchilikning faol ishtiroki va yurtdoshlarimiz ko‘magisiz ushbu maqsad va marralarga erishish, tibbiyotni korrupsiyadan xoli, to‘laqonli xalqchil tizimga aylantirish mushkul. Shu sababli bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va o‘zaro hamkorlikda o‘z yechimini kutayotgan og‘riqli muammolarimizni yelkama-yelka turib, samarali hal etish yuzasidan sizlarga murojaat qilmoqdaman!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, «Korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi. Korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarash kerak».
Shu ma’noda, bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik, deb aytib, tizimdagi “kasalliklar”ga to‘g‘ri tashxis qo‘yib, ularning davosini topishga birgalikda harakat qilishimiz zarur.
Ammo, afsuski, hali ham sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiya, byurokratiya, tamagirlik, manfaatlar to‘qnashuvi kabi ayrim salbiy holatlar saqlanib qolyapti. Bu esa tizimdagi islohotlar samaradorligiga putur yetkazib, xalqimizning tibbiyotga, fidoyi mutaxassislarimiz mehnatiga bo‘lgan ishonchini zaiflashtirmoqda.
Ana shu holatlardan kelib chiqib, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Soha faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Xususan, qisqa vaqt ichida qator elektron modullarni o‘zida jamlagan Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) yaratilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, “Situatsion markaz” tashkil qilinishi sohada budjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishi hamda korrupsiya risklarini barvaqt aniqlash va oldini olishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Binobarin, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilishda raqamlashtirilgan yangi mexanizm ishga tushirilgani va Buxoro viloyatida tajriba-sinov loyihasi sifatida joriy etilgani muhim yangiliklar sirasidan.







