Jahon | 08:30 / 31.07.2025
1771
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya: harbiy xizmatga majbur ukrainlar nafaqadan mahrum qilinini mumkin

XSI siyosatchisining fikricha, ukrainalik harbiy xizmatga majbur shaxslar yo Germaniyada ishlashi yoki Ukrainada xizmat qilishi kerak. Ukrainaning Germaniyadagi elchixonasi Germaniyada harbiy xizmatga chaqirilish yoshidagi ukrainaliklar ko‘pchilikni tashkil etishini muammo deb hisoblamayapti.

Foto: picture alliance / Zoonar

Germaniyada hukmron koalitsiyadagi Xristian-sotsial ittifoq (XSI) partiyasi harbiy xizmatga majbur bo‘lgan 150 mingdan ortiq ukrainalik erkaklar Germaniyada yiliga 1,3 milliard yevroga yaqin ijtimoiy nafaqa olishidan norozi, deb yozadi Bild gazetasi.

«Biz harbiy xizmatga chaqirish yoshidagi ukrainalik erkaklar uchun fuqarolik nafaqasiga (Bürgergeld) chek qo‘yishimiz kerak. Agar 18 yoshdan 63 yoshgacha bo‘lgan qariyb 151 ming ukrainalik bizdan yordam olayotgan bo‘lsa, unda nimadir noto‘g‘ri. Bu guruh odamlar bu ijtimoiy nafaqa olish huquqiga ega emas va bu yerda, Germaniyada ishlashi kerak yoki Ukrainada harbiy xizmatni o‘tashi kerak», — dedi XSIning tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Shtefan Mayyer Bild bilan suhbatda.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri Germaniyaga chaqiruv yoshidagi jami 304 144 nafar ukrainalik keldi va ulardan 150 660 nafari 2025 yilning mart oyida nafaqa oluvchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Joriy yilning mart oyida o‘rtacha nafaqa miqdori oyiga 882 yevroni tashkil qildi. Harbiy xizmatga chaqirilish yoshidagi ukrainaliklar Germaniyadan har yili jami 1,328 milliard yevro oladi. Ijtimoiy nafaqalar ham asosiy pul to‘lovlarini, ham uy-joy va qo‘shimcha ehtiyojlar uchun davlat xarajatlarini o‘z ichiga oladi.

Ukrainaning Germaniyadagi elchixonasi Germaniyada chaqiruv yoshidagi ukrainalik erkaklar ko‘pchilikni tashkil etishida hech qanday muammoni ko‘rmayapti. «Xorijdagi barcha ukrainalik erkaklarni qonunni buzganlikda yoki safarbarlikdan bo‘yin tovlaganlikda ayblash noto‘g‘ri bo‘lardi. Ukrainalik erkaklarning xorijda bo‘lishi taqiqlanmagan. Ketish uchun tegishli hujjatlar talab qilinadi. Germaniyadagi erkaklarning katta qismi u yerda qonuniy bo‘lib, harbiy ro‘yxatga olish tizimida ro‘yxatdan o‘tgan», — deya ma’lum qildi elchixona Bild so‘roviga javoban.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid