Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Ish haqi va stipendiyalar oshadi

2025 yil 1 avgustdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi. Bu haqda prezidentning budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarini 10 foizga, ya’ni inflatsiyadan past bo‘lmagan darajada oshirishga doir farmonida nazarda tutilgan.

Hujjat bilan 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshirilgandi.

1 avgustdan e’tiboran, bazaviy hisoblash miqdori 412 ming so‘m deb belgilanadi (hozir – 375 ming). Shu sanadan boshlab, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 271 ming so‘mni tashkil etadi (hozir – 1 mln 155 ming).

Budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi ko‘rsatilgan.

Chiqindi qarzi uchun “svet” o‘chadi

O‘zbekistonda maishiy chiqindini olib chiqib ketish xizmati uchun to‘lov 2025 yil 1 avgustdan boshlab elektr energiyasi to‘loviga bog‘lab qo‘yiladi. Bunda chiqindidan qarzdor iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lov qilolmay qoladi.

Bu yangi tartib 2025 yil 30 iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lum qilgan.

Chiqindini to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomini kuchaytirishga qaratilgan qonun 2025 yil 7 martda qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatiladi.