Premium toifadagi mehmonxona Tashkent City Mall'da joylashadi va 2025 yil oxirigacha faoliyat boshlaydi. Bu haqda Kun.uz'ga taqdim etilgan press-relizda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, otel mijozlarga 287 ta hashamatli xona, turli-tuman restoranlar, velnes-markaz, Spa, biznes-launj zona va zamonaviy konferens-zal xizmatlarini taklif etadi.
Marriott International'ning O‘zbekistondagi loyihalari portfelida bungacha Courtyard by Marriott Tashkent mehmonxonasi bor edi.
“JW Marriott Hotel Tashkent'ning ochilishi – Markaziy Osiyo mehmonxona bozorining lyuks segmentida jiddiy o‘sish potensiali borligidan dalolat beradi. Toshkent turistlar va biznes-sayyohlar orasida ancha ommalashib boryapti. Biz JW Marriott brendining mukammal servisi, estetikasi va uyg‘unlashgan hordiq konsepsiyasi bilan O‘zbekistonga kirib kelish orqali bu tendensiyani qo‘llab-quvvatlayotganimizdan faxrlanamiz”, – dedi Marriott International'ning Markaziy va Sharqiy Osiyo bo‘yicha katta vitse-prezidenti Ivitsa Chachich.
Marriott International – AQShning Merilend shtatidagi Betesda shahrida asoslangan yirik holding. Uning portfeli – 144 ta mamlakat va hududda joylashgan 30 dan ortiq brendlarga mansub 9500 dan ziyod ko‘chmas mulklardan iborat.
“Alliance Holding” MChJ – 2018 yil 5 mart kuni Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Davlat reyestrida ko‘rsatilgan faoliyat turi – “boshqa maishiy tovarlar ulgurji savdosi”. Ustav fondi – 30 mln so‘m. Yagona ta’sischisi va rahbari sifatida Shukurov Alishev Abduvohidovich qayd etilgan.











