31 iyul kuni Tel-Avivga kelgan AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bilan uchrashdi. Uitkoffning kelishidan biroz o‘tib, AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida shunday yozdi:

«G‘azodagi gumanitar inqirozni tugatishning eng tez yo‘li – HAMAS taslim bo‘lishi va garovdagilarni ozod qilishidir!!»

Reutersʼning yozishicha, u suhbatda G‘azo bo‘yicha sulh muzokaralarini saqlab qolish va Isroilning harbiy hujumi sabab yuzaga kelgan humanitar inqirozni hal etishga urindi.

Uitkoff G‘azodagi vayronagarchilik va yordamning cheklanishi sabab Isroilga tobora kuchayib borayotgan xalqaro bosim ostida kelgan. Xususan, shu kunlarda global ochlikni kuzatuvchi tashkilot G‘azo hududida ocharchilik boshlanganidan ogohlantirmoqda.

Uchrashuvdan so‘ng yuqori martabali isroillik rasmiysi «AQSh va Isroilda garovdagilarning hammasini ozod qilish, HAMASni qurolsizlantirish va G‘azo sektorini demilitarizatsiya qilish zarur» degan tushuncha shakllanayotganini aytgan.

Umuman olganda, Reuters manbasi Uitkoff va Netnayahu muzokaralari bo‘yicha rasmiy tafsilot bermagan, biroq Isroil va AQSh yordamni oshirish ustida hamkorlik qilishini, janglar esa davom etishini aytdi.

Oq uy ma’lum qilishicha, Uitkoff bugun, 1 avgust kuni G‘azoga borib oziq-ovqat yetkazib berishni tekshiradi va yordamni tezlashtirish bo‘yicha yakuniy rejani ishlab chiqadi.

«Maxsus elchi va [AQShning Isroildagi] elchi prezidentni darhol xabardor qiladi va oziq-ovqat va yordam tarqatish bo‘yicha yakuniy rejani tasdiqlash uchun brifing o‘tkazadi», dedi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt.

Tramp payshanba kuni muxbirlar savoliga javob berar ekan, G‘azodagi vaziyatni «dahshatli narsa» deb atadi: «Ha, u yerda bo‘layotgan narsa dahshatli. Odamlar juda och qolgan», dedi. Shuningdek, AQShning ochlikni yumshatish uchun ajratayotgan moliyaviy yordamni ham eslatib o‘tdi. Respublikachi kongressmen Teylor Grin Isroilning hujumini genotsid deb atagan edi.