Volgograd oblastida 4 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari hujumi tufayli poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. Region rahbari Andrey Bocharovning ma’lum qilishicha, Frolovo shahridagi Archeda stansiyasida temiryo‘lga dron qulagan, u portlamagan, voqea joyiga sapyorlar yetib borgan.

Volgabo‘yi temiryo‘llari matbuot xizmati (Rossiya temiryo‘llari filiali) esa tungi soat 2:50 da Archeda stansiyasida dron parchalari qulaganini ma’lum qildi. Shu sababli beshta yo‘lovchi poyezdi, jumladan, Moskva va Sankt-Peterburgdan keladigan poyezdlar, shuningdek, shahar atrofiga qatnaydigan to‘rtta elektrichka kechiktirilgan. Rossiya temiryo‘llari ma’lumotiga ko‘ra, poyezdlar besh soatdan ko‘proq vaqtga kechiktirilgan. Harakat ertalab soat 11:30 atrofida, ya’ni dronlar hujumidan sakkiz soatdan ko‘proq vaqt o‘tgach tiklangan.

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida Archeda stansiyasidagi texnik binoda yong‘in sodir bo‘lgan, yo‘llar va boshqa temiryo‘l infratuzilmasiga zarar yetmagan. Ukrainaning Exilenova+ telegram-kanali uchuvchisiz uchish apparatlari dispetcherlik stansiyasiga hujum qilganini da’vo qilmoqda. Kanal shikastlangan binoning suratini e’lon qildi (ochiq manbalardan ma’lum bo‘lishicha, surat haqiqatan ham stansiya hududida olingan, ammo gap dispetcherlik xonasi haqida ketayotgani aniq emas).

So‘nggi haftalarda Ukraina dronlari Rossiyadagi temiryo‘l obektlariga bir necha bor hujum qildi. 19 iyuldan boshlab yarim oy ichida kamida yettita shunday hujum sodir bo‘ldi (4 avgust hujumini ham qo‘shganda).

19 iyul. Rostov oblasti. Dron bo‘laklari qulashi oqibatida Lixaya – Zamchalovo temiryo‘l peregonidagi aloqa tarmog‘i shikastlangan. Lixaya stansiyasi navbatchisi yaralangan, jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan. Poyezdlar harakati to‘xtatildi. 132 ta yo‘lovchi poyezdi 33 daqiqadan 15 soatgacha kechikib harakatlangan.

21 iyul. Rostov oblasti. Dronlar hujumi natijasida Kamenolomni posyolkasidagi stansiya hududida joylashgan binoda yong‘in chiqdi. 50 dan ortiq yo‘lovchi poyezdlar yo‘nalishga chiqishi kechiktirilgan.

25 iyul. Rostov oblasti. Dron parchalari Peschanokopskaya stansiyasiga qulab, kontakt tarmog‘i va stansiyadagi bino shikastlangan. 10 ta yo‘lovchi poyezdi besh soatgacha kechiktirildi.

25 iyul. Krasnodar o‘lkasi. Timashevsk shahridagi vokzalda yo‘lovchi poyezdi zarbaga uchradi, ikki kishi jarohat oldi, ulardan biri kasalxonaga yotqizildi. Poyezd vagoni oynalari sinib ketgan. 12 ta poyezd qatnovi kechiktirilgan.