O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jarayonlari shiddat bilan kechmoqda. Elektron tijoratning o‘sish sur’ati, davlat xizmatlarining raqamlashuvi va internet foydalanuvchilar sonining ortishi biznes uchun ulkan imkoniyatlar bilan birga yangi chaqiriqlarni ham keltirmoqda. Mijozlar tez, qulay va tushunarli muloqotni kutayotgan bir paytda, kompaniyalar ularning ehtiyojlariga mos ravishda mijozlar bilan munosabatni qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelyapti.
Yaqin yillarda O‘zbekistonda elektron tijorat bozori yanada kattalashadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2027 yilga borib faqat mahalliy marketpleyslar orqali amalga oshiriladigan savdo hajmi 1 mlrd dollardan oshib ketadi. Bu raqamlar shundan dalolat beradiki, raqamli muhitda faoliyat yurituvchi har bir biznes uchun mijoz bilan muloqot strategiyasi asosiy raqobat quroliga aylanmoqda.
Shu bilan birga, mijozlarning muloqotga bo‘lgan munosabati ham o‘zgarmoqda. Ular SMS yoki telefon qo‘ng‘irog‘i orqali emas, Telegram, WhatsApp, Instagram kabi messenjerlar orqali savol berishni, ma’lumot olishni yoki buyurtma qilishni afzal ko‘rishmoqda.

Tarmoqlarga bo‘linib ketgan xizmatlar — ishonchsizlik sababi
Hozirgi kunda ko‘plab kompaniyalar bir nechta alohida xizmatlar — masalan, alohida SMS platformasi, koll-markaz, ijtimoiy tarmoqlar uchun SMM menejer kabi xizmatlardan foydalanadi. Ammo ushbu usullar tezkor, yaxlit va samarali muloqot uchun noqulaylik keltirib chiqaradi: mijoz so‘roviga kech javob berish, ikki marta bir xil xabar yuborish, murojaat tarixini yo‘qotish kabi holatlar ko‘p uchraydi.
Aynan shunday muammolarni hal etish uchun dunyoda omnikanal platformalar yaratildi.

Omnikanal platforma nima va nima uchun muhim?
Omnikanal platforma – bu barcha aloqa kanallarini (SMS, elektron pochta, messenjerlar, qo‘ng‘iroqlar va boshqalar) yagona tizimda birlashtiruvchi texnologik yechimdir. Bunday platforma orqali kompaniyalar:
· mijozning avvalgi murojaatlarini ko‘radi,
· qaysi kanal orqali muloqot qulay ekanini aniqlaydi,
· avtomatlashtirilgan javoblar orqali tezkorlikka erishadi,
· ortiqcha takroriy xabarlarni yubormaydi.














