Ikki dugona suratga tushish va cho‘milish uchun Ohangaron suv ombori chekkasiga tushib, qaytib chiqmagan. Uchinchi qizni qutqarib qolgan o‘tkinchi yigit voqea tafsilotlarini aytib berdi.

28 iyul kuni Ohangaron suv omborida ikki qiz cho‘kib ketdi, ularni qutqarishga uringan yana uchinchi qiz ham halok bo‘lishiga oz qolgan. Kun.uz muxbiri voqea joyiga borib, fojia tafsilotlarini o‘rgandi.

Qizlardan birini qutqarib qolgan yigit agar bir necha daqiqa oldin ko‘rishganida, qolganlarni ham qutqarib qolish mumkin bo‘lgani haqida gapirdi.

«Qizlar ancha vaqt yordam so‘rab baqirgan. Lekin na qorovul, na boshqasi eshitgan», – deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu fojia soat 12:40 larda ro‘y bergan.

«Mana shu joyga tomosha qilgani kelgandik, bir qiz suvda baqirayotganini eshitib qoldik. Keyin men u yoqdan yugurib suvga tushdim-da, qizni olib chiqdim. Yarim soatdan keyin tez yordam mashinalari keldi, xizmatlarini ko‘rsatishdi. Agar 3-4 daqiqa oldin kelganimizda, qolganlarini ham qutqarib qolish mumkin edi. Afsus, u qizning opasi va dugonasi suvga g‘arq bo‘lgan ekan. Agar bu yerda qorovullar bo‘lganida, qizlar bu ahvolga tushmas edi. Biz kelganimizda hech qanaqa qorovul ham, qutqaruv xizmati xodimlari ham yo‘q edi», – deydi suhbatdosh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suv tubi botqoqlik bo‘lgan.

«Men ham birinchi qadamni bosganimda tizzadan balandroq joyga kirib ketdim. O‘zimni o‘nglab oldim. Shundan keyin u qizga qarab suzib borib, olib chiqdim.

Osti 4-5 metr botqoqlik bo‘lgan. Bu qizlar o‘sha botqoqqa kirib ketavergan menimcha. Bularni botqoq tortib ketgan. Suv o‘zan hosil qilgan. Shunda qizlarni tortib ketgan.

U qiz ham opalarini qutqaraman deb suvga tushgan. Biz kelgan mahal u ham suvda edi. Qutqarish uchun o‘zini tashlagan. Oqim qizni qirg‘oqdan 20-25 metr ichkariga olib ketgan», – deydi u.

Holat yuzasidan mazkur gidrotexnik inshootlarga mas’ul bo‘lgan «Suvxo‘jaliknazorat» inspeksiyasi vakili izoh berdi. U qizlar suv omborining nazorat qilinmaydigan qismidan suvga tushganini aytadi.