Zangezur yo‘lagining AQSh nazoratiga o‘tishi Janubiy Kavkazdagi tinchlik jarayonlari fonida yangi geosiyosiy savollarni keltirib chiqarmoqda. Bu yo‘lak Markaziy Osiyo uchun tranzit xarajatlarini kamaytirib, savdo imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Ammo AQShning mintaqadagi ta’siri ortishi Kaspiy atrofidagi kuchlar muvozanatiga ham ta’sir ko‘rsatib, yangi geosiyosiy raqobat bosqichini boshlab berishi ehtimoldan xoli emas.
“Geosiyosat”da siyosatshunoslar mazkur mavzu yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Zangezur yo‘lagining AQSh nazoratiga ortishi Markaziy Osiyo uchun nimani anglatadi? Bu jarayonning foydali va salbiy tomonlari qanday bo‘lishi mumkin?
Jahongir Akramov: Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasining imzolanishi xalqaro munosabatlar uchun ijobiy holatdir. Bu mojaro hatto Sovet Ittifoqi tuzilishidan oldin, Oktyabr inqilobidan keyingi davrlarga, undan ham ilgari rus-turk urushlari davriga borib taqaladigan, yuz yillardan beri davom etib kelayotgan ziddiyatdir. Shunday ekan, tinchlikka erishish, albatta, ijobiy natija.
Biroq bu voqea Rossiyaning Janubiy Kavkazda katta mag‘lubiyatga uchraganini ham anglatadi. Endilikda u bu hududda gegemon emas, balki oddiy ishtirokchi darajasida qolmoqda. Zangezur yo‘lagining Amerika kompaniyasiga ishonib topshirilishi ijobiy qaror bo‘lmasligi mumkin. Chunki Ozarboyjon aslida muzokaralarni ikki tomonlama olib borishni xohlagan va dastlab bu loyihani Shveytsariya kompaniyasiga berishni rejalashtirgan edi. Hozirgi sharoitda esa AQSh siyosatining, ayniqsa, Tramp davridan keyin barqaror va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan holga kelgani qo‘shimcha xavflarni yuzaga chiqarishi ehtimoldan xoli emas.
Agar bu yo‘lak xalqaro konsorsium ko‘rinishida tashkil etilsa, Yevropa davlatlari ham ishtirok etishi va Ozarboyjon ham, Armaniston ham manfaatdor bo‘lishi mumkin edi. Aks holda bu Eronning ham noroziligiga sabab bo‘lishi ehtimoli bor, chunki loyiha bevosita uning yonida joylashgan.
Markaziy Osiyo nuqtayi nazaridan esa Zangezur yo‘lagining ochilishi katta iqtisodiy imkoniyatdir. Hozir O‘zbekiston va boshqa mintaqa davlatlari Kaspiy dengizi orqali Gruziya portlaridan foydalanadi, bu esa ortiqcha tranzit xarajatlarini keltirib chiqaradi. Zangezur yo‘lagi ochilsa, tannarx kamayadi, jahon bozoriga chiqish osonlashadi. Bu yo‘l orqali Turkiya portlariga chiqish imkoni bo‘ladi, bu esa Markaziy Osiyo mahsulotlari raqobatbardoshligini oshiradi.
















