So‘nggi kunlarda Ukrainadagi ko‘plab manbalar RF qurolli kuchlari Donetsk oblasti Pokrovsk rayoni Dobropole shahri atrofida, Kramatorsk va Slovyansk yo‘nalishida ukrainlar mudofaasini yorib o‘tgani haqida xabar tarqatdi. Bu ma’lumot mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan, internetda hozircha bunday chuqur yorib kirishni tasdiqlovchi videoyozuvlar paydo bo‘lmagan.

Ukraina mudofaa vazirligiga yaqin hisoblangan DeepState OSINT-loyihasi 11 avgust kuni quyidagicha ma’lumot berdi:

  • RF qurolli kuchlari Pokrovsk shimolida sakkiz-o‘n kilometr masofaga ilgarilab, Kucherov Yar va Zolotoy Kolodets qishloqlariga yetib kelgan, bu yerda keyingi yurish uchun kuch to‘planmoqda;
  • Kucherov Yardan ular yanada shimolroqqa, Veseloye qishlog‘iga o‘tishgan, 11 avgust kunidagi holatga ko‘ra, bu hududga 20 chog‘li rossiyalik harbiy kelgandi;
  • Shuningdek, Rossiya armiyasi Dobropole — Kramatorsk trassasi bo‘yida, Novovodyanoye va Petrovka qishloqlarida mustahkam o‘rnashib olishga harakat qilmoqda.

DeepState tahlilchilari rossiyalik harbiylar «kelgusida harakatni davom ettirish uchun zaif nuqtalarni paypaslab ko‘rayotgani», muvaffaqiyatni rivojlantirish uchun tezda o‘rnashib olishga va kuch to‘plashga harakat qilayotgani, bu vaqtda ukrain komandirlari «yoki muammo jiddiyligini tushunmayotgani, yoki vaziyat „nazorat ostida“ deb o‘ylayotgani»ni aytishgan.

OSINT-loyihasida ta’kidlanishicha, Zolotoy Kolodets, Shaxovo va atrofdagi boshqa aholi yashash manzillarida ukrain kuchlari qurgan muhandislik-fortifikatsiya inshootlarini RF qurolli kuchlari «shunchaki aylanib o‘tmoqda, keyin esa egallab olib, o‘z mudofaasi uchun foydalanmoqda». Agar rossiyalik harbiylar Zolotoy Kolodets, Kucherov Yar, Veseloye va ularga qo‘shni bo‘lgan boshqa qishloqlarni to‘liq egallab oladigan bo‘lsa, Ukraina «Dobropole Pokrovskdan oldinroq qulashi muammosiga duch kelishi mumkin», deya ogohlantirgan DeepState tahlilchilari.

11 avgust kuni finlarning Black Bird Group loyihasi tahlilchisi Pasi Paroynen ham Pokrovskdan shimoldagi vaziyat shitob bilan yomonlashib borayotgani, so‘nggi uch kunlikda (9-11 avgust) RF qo‘shini ukrainlarning mudofaa chiziqlariga taxminan 17 kilometr chuqurlikda kirib borganini ta’kidlagan. «Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning ilg‘or bo‘linmalari T0514 Dobropole – Kramatorsk yo‘liga yetib borgan, shuningdek, Rossiya guruhlari Dobropole shahri chekkasiga kirib borgani aytilmoqda», – degan Paroynen.

Rossiya qo‘shinlari may oyidan boshlab iyul oyi oxirigacha Pokrovsk – Konstantinovka trassasi bo‘ylab 10 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tib, Pokrovsk – Mirnograd aglomeratsiyasini qurshab olish xavfini tug‘dirdi, deb xabar bergandi «Ukrainskaya pravda» 29 iyul kuni. Rossiya qurolli kuchlari nazorati ostidagi hududning Zolotoy Kolodets va Novovodyanoye yo‘nalishida kengayishi «aslida bu yo‘lning uzil-kesil yo‘qolishini anglatadi», deb hisoblaydi nashr. Yo‘l Pokrovsk uchun asosiy ta’minot liniyasi hisoblangan, biroq iyun oyida yo‘l Rossiya dronlari hujumi tufayli tinch aholi uchun yopilgan.