14 avgust tongida Rostov-Don shahri markazidagi ko‘p qavatli uyga uchuvchisiz uchar qurilma hujum qilgan. Rostov oblasti gubernatori vazifasini bajaruvchi Yuriy Slyusarning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida 13 kishi jarohatlangan, shundan ikki nafari bolalar. Yaralanganlarning olti nafari shifoxonaga yotqizilgan, kamida ikki nafari og‘ir ahvolda.

Telman va Lermontov ko‘chalari hududidagi 10 ta uyga zarar yetgan – ularning oynalari singan va balkonlari shikastlangan. Telegram-kanallarda kamida bitta uyning tomi qisman shikastlangani aks etgan fotosuratlar e’lon qilindi. Uylardan 212 kishi evakuatsiya qilindi, deya aniqlik kiritdi Slyusar.

Mash telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining hujumi nishoni Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtabi bo‘lgan – dron aynan shu obekt tomon uchayotgandi, ammo shahar markazi ustida yo‘nalishini keskin o‘zgartirgan. U turar joy binosiga urilishiga nima sabab bo‘lgani ma’lum emas – radioelektron kurash vositalari unga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi ham, bu navigatsiya xatosi yoki maqsadli hujum bo‘lishi ham mumkin. Kremlga xayrixoh hisoblangan Mash va Shot telegram-kanallari yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari hujum uchun «Uchar tulki» deb nomlanuvchi, yengil motorli Aeropratk A-22 samolyoti asosida ishlab chiqilgan drondan foydalangan.

Belgorod qatorasiga ikkinchi kun hujumga uchradi. Gubernator aholi «yangi tarixda hali boshdan kechirilmagan kunlarni yashayotgani»ni aytdi

Belgorod kechadan buyon zarbalar nishoni bo‘lib turibdi. 13 avgust kuni gubernator Vyacheslav Gladkov oblastning turli rayonlarida ukrain dronlari hujumi oqibatida jarohatlanganlar borligi to‘g‘risida ma’lumot bergandi. Soat ertalabki 7 atrofida gubernator dron shahar markazidagi hukumat binosiga hujum qilganini aytdi – binoda kichik shikastlanish qayd etilgan, jarohat olganlar yo‘q. Bir soat o‘tib Gladkov Ukraina qurolli kuchlari hukumat binosiga to‘rtinchi bor zarba berganini aytib, shikastlanish aks etgan fotosuratlarni namoyish etdi.

Shahar markazi harbiy xizmatchilar va Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi kuchlari tomonidan to‘sib qo‘yilgan – hokimiyat binosi tomon hech kim o‘tkazilmagan. Guvohlar avtomatdan otilgan o‘q ovozlari hamda portlash ovozlarini eshitishgan, shahar ustida juda ko‘p dron uchib yurgan.